O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Belgilangan talabga rioya qilmaslik ortiqcha muammolarni keltirib chiqaradi

Belgilangan talabga rioya qilmaslik ortiqcha muammolarni keltirib chiqaradi

Novqa – Oyqor tog‘larining etaklarida joylashgan qishloq. Baxmal tumanidagi bu go‘sha aholisi “Besh barmoq” deb nomlanadigan buloqdan suv ichadi. Buloq suvi barakali. Sababi u katta bir qishloqni nafaqat ichimlik suvi, balki ekanlari va chorva mollarini obi-hayot bilan ta’minlaydi. 

Buloq suvi aholiga ikki xil tartibda yetkazib, taqsimlab beriladi. Suvining asosiy qismi ariqlarda mahallalardagi ekinlarni sug‘orish va boshqa maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. Miroblar tomonidan oqar suv bir mahallaga berilganda boshqasida bir muddat suv bo‘lmay turadi. Suvning ma’lum bir qismi esa maxsus quvurlar orqali qishloq bo‘ylab tarqaladi. Bu quvurlarga ulangan xonadonlar esa doimiy ichimlik suviga ega.

Qishloq aholisi soni ortgan sari suvga bo‘lgan talab ham oshib boradi. Shu hayotiy ehtiyoj sabab, to‘rt-besh yil oldin “Besh barmoq” bulog‘i suvining taqsimotida tartib buzilganday bo‘ldi. Mahallasiga oqar suv kutilgan muddatda kelavermagan ba’zi insonlar ichimlik suvi uchun mo‘ljallangan asosiy quvurni o‘zboshimchalik bilan teshib suv chiqara boshladi. Ko‘p o‘tmay bundaylar soni juda ko‘payib ketdi, oqibatda qishloqning chetroq hududlarida yashaydigan aholi ichimlik suvidan uzilib qoldi.

Bu o‘rinda ekini kam suv ichayotganidan kutilgan hosilni ololmayman, deb xavotirga tushib suvdan o‘g‘rincha foydalangan iste’molchini qoralash, yoki oqlash niyatida emasmiz. Shunchaki, oddiy bir tartibning buzilishi boshqalarning manfaatlarini cheklaganini aytmoqchimiz. Ikki-uch yil oldin Novqa qishlog‘ida ichimlik suvi bilan bog‘liq bu muammo imkon qadar bartaraf etildi. Aholi bundan mamnun, albatta.

Toshkent viloyatida aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi mavjud muammolarni joyiga chiqib o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhning Zangiota va Yangiyo‘l tumanlarida bo‘lgan o‘rganishlarida ishtirok etar ekanman negadir o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqdagi o‘sha suv taqsimotidagi masalalar hayolimga keldi.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov rahbarlik qilayotgan ishchi guruh o‘rganishlarida sohaga aloqador mutasaddilar, hududdagi gaz ta’minoti idoralari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Ishchi guruh dastlab, “ O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Toshkent magistral gaz quvurlar boshqarmasi “Janubiy-g‘arbiy” gaz taqsimot stansiyasi bo‘ldi.

– O‘rganishni mana shunday Toshkent shahri va viloyatiga gaz taqsimlab beradigan stansiyadan tortib, mahallalardagi issiqxonalar hamda ishlab chiqarish sub’ektlaridagi gazga belgilangan tartibda ulanganlik holatlarini tahlil qilishdan boshladik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov. – O‘rganish jarayonida aholi uchun mo‘ljallangan gaz quvurlariga boshqa maqsadlarda, yoki o‘g‘rincha ulangan holatlar aniqlansa, bu vaziyatni tezkor bartaraf etish choralari ko‘riladi. Gazdan belgilangan tartibda foydalanishni yo‘lga qo‘ysak, bu boradagi masalalar sekin asta hal bo‘laveradi. Biz birinchi galda aholining bu boradagi ehtiyojini o‘ylashimiz kerak.

Aholini sifatli tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, ayniqsa, kuz-qish mavsumida uzluksiz yetkazib berish, gazdan yashirincha foydalanishning oldini olish kabi masalalarda muammolar mavjud. Shu bilan birga, tizimda foydalanib kelinayotgan eski texnologiyalar ortiqcha gaz isrofi va sarf-xarajatni keltirib chiqarayotgani ham sir emas. Ishchi guruhning aholi bilan uchrashuvlarida mana shular, xususan isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik masalalari haqida ham fikrlar bildirilayotir.

Tizimdagi ko‘p holatlar sohaga istiqbolli innovatsion texnologiyalarni joriy etishni etishni taqozo qilmoqda. Shu maqsadda mutaxassislarimiz dunyoning ko‘plab davlatlari tajribasi va yetakchi firmalari texnologiyalarini o‘rganmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi ba’zi hududlarda gaz transporti tizimida dispetcherlik boshqaruv va ma’lumotlar yig‘imining avtomatlashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan SCADA dasturi mazkur tizimda ma’lumotlarni real vaqtda qabul qilish, qayta ishlash, texnologik protsesslarni mantiqiy boshqarish, magistral quvurlardagi avariya holatlari bo‘yicha o‘z vaqtida xabardor bo‘lish imkonini beradi.

Bu dastur doirasida Qibray tumani Usmon Yusupov mahallasida eski, past bosimli 5 ta GRP o‘rniga zamonaviy gaz taqsimlash punkti o‘rnatildi. Qayd etilishicha, gaz taqsimoti tizimining avtomatlashtirilishi xonadonlardagi tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolarga barham bermoqda.

Xususan, endilikda aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz bosimi oshirildi. Mazkur tizimning avtomatlashtirilishi shuningdek, mahallaga berilayotgan tabiiy gaz bosimi, harorati to‘g‘risida markazlashgan dispetcherlik xizmatiga onlayn ma’lumot uzatish imkonini yaratib, ortiqcha gaz isrofi, o‘g‘rilik, o‘z vaqtida to‘lov, ayniqsa, gaz bilan bog‘liq turli baxtsiz hodisalarning oldini olishga zamin yaratadi.

Ishchi guruh o‘rganishlarining tahlili, o‘rganish jarayonida tug‘ilgan savollarga batafsil javob olish, aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida Toshkent viloyati hokimligida yig‘ilish o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov, viloyat hokimligi va tegishli tashkilotlar mutasaddilari, Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari sektor rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhning Toshkent viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.

1 556
Ikrom AVVALBOEV, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA