Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2018 22:54 Chop etish versiyasi

Bektemir aholisining muammolari tinglandi

Bektemir tumanidagi 30-bolalar musiqa va san’at maktabida Toshkent shahri va Bektemir tumani jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlari raislari va sudyalarining tuman aholisi va jamoatchilik faollari bilan sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahrida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tdi.

Uchrashuvda jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilikning o‘rni muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlanib, aholining huquqiy madaniyatini oshirish uchun, avvalo, har bir kishi o‘z haq-huquqini bilishi lozimligi qayd etildi. Bu borada sud tizimining o‘rni haqida so‘z borar ekan, endilikda har bir mahallaga «Mening mahallam –mening sudyam» shiori ostida mas’ul sudya ajratilishi va u aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganib, tegishli huquqiy maslahatlar berib borishi ta’kidlandi.

Tuman aholisini qiynayotgan masalalar, savollar, murojaatlarga jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi raislari batafsil javob qaytardi.

Aholi murojaatlarining asosiy qismini uy-joy, ijtimoiy himoya, doimiy ro‘yxatga qo‘yish masalalari tashkil etdi. Uchrashuv davomida hech bir savol javobsiz qoldirilmadi, har qaysi murojaat egasiga mutaxassislar tomonidan tegishli huquqiy maslahatlar berildi.

I.Ahatova, O‘zA
3 382