Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.08.2017 14:32 Chop etish versiyasi

Bekobodda sayyor qabul: aksariyat muammolar joyida hal etildi

Bekobodda  sayyor  qabul: aksariyat muammolar joyida hal etildi Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, aholini o‘ylantirayotgan muammolarga tezkor va joyida yechim topishning zamonaviy va samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani odamlarning adolatga, davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Toshkent viloyati Bekobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati vakillari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabulda ham bu yaqqol o‘z ifodasini topdi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bekobod shahar Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, viloyat va shahar hokimliklari rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
 
Murojaatlar asosan bankdan kredit olish, aholi bandligini ta’minlash, turar-joy, kommunal xizmat, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimiga aloqador masalalar, pensiya va nafaqa ta’minoti, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarga oid bo‘lib, ularning aksariyati joyida hal etildi.

– Ko‘chamiz anchadan buyon ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi, – deydi Bekobod shahrining A.Nabiyev ko‘chasida yashovchi Feruza Yoqubova. – Sayyor qabulda murojaatimiz ijobiy hal qilinib, mutasaddilarga ko‘chamizni ta’mirlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Aholi murojaatlarining tezkor va joyida hal etilishiga xizmat qiladigan bunday samarali tizim yo‘lga qo‘yilgani odamlarni juda xursand qilmoqda.
 
– Onam bilan birga 5-yildan buyon ijarada yashaymiz, – deydi Maftuna Xudoyberdiyeva. – Uy sotib olishga qo‘limiz kaltalik qiladi. To‘g‘ri, biroz noqulay bo‘lsa-da, Xalq qabulxonasiga murojaat qildik. Bugun ushbu so‘rovimizga jiddiy e’tibor qaratilib, uyli bo‘lishimizga ko‘maklashishga qaror qilinganidan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Xuddi hoziroq uyli bo‘lgandek xursand bo‘ldim. Kam ta’minlangan oilalarga davlat tomonidan beg‘araz yordam ko‘rsatiladigan mana shunday adolatli tizim joriy etilgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri turadi. Binobarin, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Bu Bekobod shahrida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham fuqarolar muammosiga vaqtida va oqilona yechim topilganida yana bir karra namoyon bo‘ldi. Odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topishning bunday samarali mexanizmi ularning bugunidan rozi bo‘lib yashashi, ertangi kunga ishonchi yanada mustahkam bo‘lishi, yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarga daxldorlik tuyg‘usi yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sayyor qabulda Toshkent viloyati hokimi  Sh.Boboyev so‘zga chiqdi.

Abdulaziz Musayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
1 820






Все о погоде - Pogoda.uz