O‘zA O`zbek

09.08.2018 09:41 Chop etish versiyasi

Bekobod va Olmaliq shaharlari noodatiy bellashmoqda

Bekobod va Olmaliq shaharlari noodatiy bellashmoqda

Prezident tomonidan Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish musobaqasi e’lon qilinganiga bir yil bo‘ldi.

E’tiborlisi, ushbu musobaqada qaysi shahar g‘olib chiqishidan qat’iy nazar, har ikki tomon aholisi g‘alaba qozonadi. Zero, bellashuv bahona amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari qoladi, minglab insonlarning turmush farovonligiga erishiladi. Ushbu noodatiy bellashuv tag zamirida aholi uchun har tomonlama munosib turmush sharoiti yaratish, ularni hayotdan, bugungi kunidan rozi qilish kabi eng olijanob maqsadlar ko‘zlangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 18-avgust kuni Prezidentimiz Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha musobaqa o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. Davlatimiz rahbari odamlarning turmushini yaxshilashdek olijanob maqsadlarga xizmat qiladigan ushbu o‘ziga xos musobaqa shartlari haqida gapirar ekan, “2017-yilning 1-sentyabridan 2018-yilning shu davrigacha ikkala shaharning rivojlanish tendensiyalarini kuzatib boramiz. Bu ikki metallurgiya kombinati o‘rtasida emas, shaharlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat bo‘ladi. 

Bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlar inobatga olinadi. Yangi korxona ishga tushadimi, yangi ish o‘rni yaratiladimi, barchasini e’tiborga olib boramiz“, degan edi. Musobaqa sharti ma’lum – yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy va kommunal xizmatlar sifatini oshirish, madaniy hordiq chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, ta’lim va tibbiyot sifatini yaxshilash.

Xo‘sh, ushbu bellashuvda qaysi shahar g‘olib bo‘ladi? Jarayonni kuzatishni davom etamiz.

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA
2 827