O‘zA O`zbek

04.01.2018 14:45 Chop etish versiyasi

Bekobod shahrida 2018-yilda qancha ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi?

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan har biri 42 xonadondan iborat ikkita yetti qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda barpo etilayotgan arzon uy-joylar hududlar qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, ehtiyojmand va yosh oilalar turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgan uylarda “Yangi zamon bino” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 6 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

– Yangi uyimizda baxtiyor hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Aziza Abdullayeva. – Barcha xonalar zamonaviy dizayn asosida qurilgan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiq va sovuq suv, isitish tizimi, xullas, hamma narsa bor. Uylar atrofida dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobillar turar joyi va chiqindi yig‘ish punkti ham barpo etilgan.

Ayni paytda hududda aholining turmush farovonligini yaxshilash, shahar infratuzilmasini tubdan yangilash, kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish bilan birga, ehtiyojmand oilalar uchun arzon uy-joylar qurish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2017-yil 18-avgust kuni Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar qatori hududda yangi uy-joylar qurilishiga ham alohida e’tibor qaratgan va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida shaharda 2018-yilda yana o‘n beshta ana shunday ko‘p qavatli uy-joy barpo etish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
13 596