O‘zA O`zbek

09.08.2018 10:51 Chop etish versiyasi

Bekobod rivojlanish musobaqasida munosib ishtirok etyaptimi?

Bekobod rivojlanish musobaqasida munosib ishtirok etyaptimi?

Avvalgi maqolamizda Prezident tomonidan Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish musobaqasi e’lon qilinganiga bir yil bo‘lgani haqida aytgan edik. Xo‘sh, o‘tgan vaqt mobaynida Bekobod shahrida qanday ishlar amalga oshirildi? 

photo5431439424211757348.jpg

Qariyb 93 ming aholi istiqomat qiladigan Bekobod shahrida so‘nggi bir yilda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimiz tashrifidan so‘ng 2017-2018 yillarda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Unda yangi ish o‘rinlari yaratish, “Mustaqillikning 27 yilligi massivi“ni tashkil etish, ko‘p qavatli uylarning isitish tizimini yaxshilash kabi aholi turmushining birlamchi ehtiyojini qanoatlantirish bo‘yicha zarur choralar qamrab olindi.

photo5431439424211757349.jpg

Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqa davrida shaharda sanoat, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 137 loyiha amalga oshirilgan. Natijada 2 ming 248 yangi ish o‘rni yaratilgan. Prezidentimiz taklifiga binoan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi“ nomini olgan yangi mavzeda 210 xonadonga mo‘ljallangan 5 ta ko‘p qavatli turar joy qad rostlagan. Yana shuncha xonadonga mo‘ljallangan 5 ta ko‘p qavatli turar joyni qurish ishlari boshlanish arafasida.

Davlatimiz rahbari taklifi va tashabbusi asosida shaharda kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Mazkur sanoat zonasini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan 17,7 milliard so‘mlik 11 loyihadan hozirga qadar 3,4 milliard so‘mlik 3 loyiha hayotga tatbiq etildi. Bu 128 kishining bandligini ta’minlash imkonini berdi.

Shahar silga qarshi kurashish dispanseri va 1-oilaviy poliklinikada qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur tibbiyot muassasalari eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, “Bekobod dehqon bozori“ mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida gipermarket, Yangihayot mahallasi hududida 216 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi qurilishi yakunlanish arafasida. “Bekobod – Xovos – Yangiyer – Toshkent“ yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani ham aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Prezidentimizning maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga doir farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan shaharda 3 xususiy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 3 tasida muddatli guruhlar tashkil etildi. Natijada bog‘cha yoshidagi 200 nafardan ortiq bola maktabgacha ta’limga jalb etilib, ularni bog‘chaga qamrab olish o‘tgan yilgiga nisbatan 4,4 foizga oshdi.

Shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga ixtisoslashgan 3-suv olish inshooti 1980-yilda qurilgan bo‘lib, suv nasoslari ma’nan eskirgan. Boz ustiga, inshootdan shahargacha bo‘lgan 9,5 kilometr uzunlikdagi quvur qo‘shni Tojikiston Respublikasi hududidan o‘tgani bois, so‘nggi chorak asrda biror marta ta’mirlanmagan. Natijada shahar aholisini muntazam toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonsiz vazifaga aylangan.

Davlatimiz rahbarining tashrifidan so‘ng qisqa fursat ichida 3-suv olish inshooti jahondagi yetakchi firmalarning zamonaviy suv olish texnologiyalari bilan jihozlandi. 9,5 kilometrga yangidan quvur yotqizildi. Natijada nafaqat shahar aholisining toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammosiga barham berildi, balki oyiga 300-350 ming kilovatt elektr energiyasini tejash imkoniyati yaratildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, elektr energiyasi, suv va boshqa barcha yo‘qotishlar bilan qo‘shib hisoblaganda, bir oyda o‘rtacha 85 million so‘m tejalayotir. Demak, loyihaga sarflangan 12 milliard so‘m mablag‘ 11 yilga yetmasdan faqat tejamkorlik hisobiga to‘liq qoplanadi. Tejalayotgan elektr energiyasi esa yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga zamin yaratishi, zimiston ko‘chalar, o‘chib-yonishi odat bo‘lib qolgan minglab xonadonlarga nur olib kirishi shubhasiz.

Shahardagi 349 ta ko‘p qavatli uyda 13 ming 752 xonadon bo‘lib, ushbu uylardagi isitish tizimining yaxshi ishlamasligi odamlarni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan asosiy muammolardan edi. So‘nggi bir yilda 2 ming 376 xonadonga imtiyozli kredit asosida ikki konturli isitish qozonlari o‘rnatildi. Joriy yil yakuniga qadar yana 3 ming 400 ta ana shunday isitish qozoni o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shahar aholisining ishdan va o‘qishdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash maqsadida 22 gektar tashlandiq maydonda zamonaviy bog‘ tashkil etilgan. “Yoshlar bog‘i“ nomini olgan mazkur ko‘ngilochar maskanga 15 zamonaviy attraksion o‘rnatilgan. Ikkita musiqali favvora, ikkita sun’iy ko‘l, piyoda va velosipedchilar uchun bog‘ bo‘ylab alohida yo‘lakcha, mini-futbol, tennis va basketbol maydonchalari tashkil etilgan. Qariyb 5 ming tup manzarali daraxt ko‘chati ekilish bilan birga, avvaldan mavjud bo‘lgan 1 ming tupi saqlab qolingan. Bog‘ning 7 gektar quyi qismida sokin hudud barpo qilinib, 1,5 ming kitob fondiga ega kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biz borgan kuni bu yerda shahar yoshlarining bir guruhi adabiyot va san’atning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ijod bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalari zo‘r berib, davlat test imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda edi. Kishini to‘lqinlantirib yuboradigan nihoyatda ajib manzara, diling yayraydi, beixtiyor mutolaaga o‘tirging keladi.

Aholi uchun yaratilgan qulayliklardan yana biri – asosiy temir yo‘l ustidan Farhod, Istiqlol va Sementchi mahallalarini shahar bilan bog‘lovchi yangi yo‘l ochilganidir. Ilgari ushbu mahallalarga o‘tish yoki qaytish uchun 8 kilometr masofani aylanib kelish talab etilar edi. Yangi yo‘l ochilishi bilan bu masofa endi bor-yo‘g‘i 200 metr, hu desang, eshitiladigan darajada yaqin.

A. Xudoyqulov, O‘zA
3 529