O‘zA O`zbek

01.06.2018 15:43 Chop etish versiyasi

Beg‘araz donorlik aksiyasi Andijonda ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi

Beg‘araz donorlik aksiyasi Andijonda ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi
“Adolat” SDP Markaziy kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamkorligidagi “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi ibratli tashabbus Andijonda ham uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, beg‘araz yordam muhitini kuchaytirish va fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalar hayotini saqlab qolish maqsadiga qaratilgan aksiya andijonliklarni ham faollikka boshladi.

Beg‘araz qon topshirish, biron bir inson hayotini saqlab qolish savob ishlarning oliy ifodasidir. Shu sabab “adolatchilar” ertalabdan Andijon shahridagi viloyat qon quyish stansiyasiga kirib keldilar. Oqqon kasalligiga chalingan bemor bolalarni sog‘lomlashtirishda qonning o‘rni katta ekanligi sabab ular uchun hayot manbayi berdilar.

– Farzandlarimizning bayramiga har kim o‘z sovg‘asi bilan kelgani aniq, – deydi xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati Shohidaxon Valiyeva, – Biz bu borada ularni sog‘lomlashtirishga hissa qo‘shishni tanladik. Bugungi harakatimiz og‘ir bemor bolalar va ularning hayotidan umidvor ko‘ngillarga malham bo‘lishiga ishonamiz.

Shuningdek, aksiya doirasida joylarda o‘tkazilgan “Sog‘lom farzand – sog‘lom kelajak” mavzusidagi davra suhbatlarida yurtdoshlarimizni bolalar salomatligiga e’tiborli bo‘lish va ularning kelajagiga barcha mas’ul ekanligi tushuntirildi.

O‘zA
4 907