O‘zA O`zbek

14.08.2018 20:08 Chop etish versiyasi

Bayram osoyishta o‘tadi

Bayram osoyishta o‘tadi Yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini, mulk daxlsizligini, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlarda xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar idoralari qo‘riqlash xizmatining alohida o‘rni bor.

Buni Namangan viloyati Namangan tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Bo‘lim shaxsiy tarkibi tomonidan xalq xo‘jaligi obyektlari va fuqarolar xonadoni ishonchli qo‘riqlanishi, shuningdek, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda viloyat hududida ijtimoiy vaziyat barqarorligi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda namunali ish olib borilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida tumanda qo‘riqlanayotgan obyekt va xonadonlarda o‘g‘irlik, bosqinchilik, yong‘in va boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilmadi. Bo‘limda naryadlar mas’uliyatini oshirish, xizmat faoliyatini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida takomillashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘zsamarasini bermoqda.

Bugungi kunda tizim saf bo‘linmalari tomonidan 80 dan ziyod xalq xo‘jaligi obyekti va aholi xonadoni ishonchli qo‘riqlab kelinmoqda. Ushbu obyektlarning barchasi qo‘riqlash va yong‘in xavfsizligi signalizatsiyalari bilan ta’minlangan. Ta’lim, bank muassasalari, korxona va tashkilotlar, savdo do‘konlari xonadonlar kabi 79 obyekt texnik qo‘riqlash punktiga ulangan va qo‘riqdagi obyektlarning 4 tasi ikki va uch bosqichli qo‘riqlash xabargohlari bilan jihozlangan. Aholi o‘rtasida, shuningdek, xalq xo‘jaligi va xususiy sektor obyektlari rahbarlari bilan qo‘riqlash xizmatining afzalliklariga doir olib borilgan samarali targ‘ibot ishlari natijasida joriy yilning 6 oyida jami 16 obyekt texnik qo‘riqlash punkti orqali yangidan qo‘riqqa olinib, qo‘riqlash-yong‘in signalizatsiya vositalari bilan jihozlandi.

– Bugungi kunda qo‘riqlash bo‘limi faoliyatiga innovatsion texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tuman qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘iD.Hakimov. – Ayniqsa, “Xavfsiz xonadon” dasturi bo‘yicha kirishilgan amaliyot arzon, qulay va ishonchli ekani bilan odamlarni ko‘proq qiziqtirmoqda. Dasturga asosan xonadonlarga bepul, faqat oyiga 17 ming so‘m xizmat haqi to‘lovi bilan zamonaviy texnik qo‘riqlash qurilmalari o‘rnatib berilmoqda. Joriy yilda 14 xonadon shunday vositalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qulay shartlar asosida, ya’ni soatbay to‘lov hisob-kitobi bilan qo‘riqlash xizmati ko‘rsatish bo‘yicha texnik jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

5.jpg

Qo‘riqlash bo‘limi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning oldini olish borasida viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Antiterror-Tozalash”, “Arsenal”, “Qoradori-2018”, “Tong” kabi keng qamrovli tadbirlarda ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari bilan faol hamkorlik qilmoqda. Yilning o‘tgan davrida bo‘lim shaxsiy tarkibi tomonidan 10 dan ortiq jinoyat fosh etilishiga munosib hissa qo‘shildi. Jinoyatchilikning oldini olishda asosiy omillardan bo‘lgan ma’muriy amaliyot sohasiga alohida e’tibor qaratilib, turli huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 13 nafar shaxs hududiy ichki ishlar idoralari va profilaktika tayanch punktiga olib kelinib, qonuniy choralar ko‘rish uchun topshirildi.

Oz miqdorda talon-taroj qilish holatlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 9 nafar shaxs ushlandi. Ulardan 1 million 700 ming so‘mlikka yaqin moddiy-tovar boyliklar olinib, mulk egalariga qaytarildi va taqdim etilgan hujjatlarga asosan sud idoralari tomonidan ushbu huquqbuzarlarga ma’muriy choralar ko‘rildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 2017 yilda mayda talon-tarojlik bo‘yicha 90 ga yaqin holat aniqlangan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 90 foizga kamaygani tumanda jinoyatchilik profilaktikasi bo‘yicha ishlar samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ayni paytda bo‘lim shaxsiy tarkibi tomonidan joriy yil 27 iyul kuni Prezidentimiz raisligidabo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar, qo‘yilgan talablar asosida faoliyat samaradorligini yanada oshirish, xususan, Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami tinch-osoyishta o‘tishini ta’minlash chora-tadbirlari ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, qo‘riqlanayotgan obyektlarning texnik jihatdan mustahkamligini yaxshilash, zamonaviy qo‘riqlash texnika vositalari bilan jihozlash, mavjud signalizatsiyalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash borasida tegishli idoralar va xizmat vakillari bilan hamkorlikda barcha obyektlar o‘rganib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, tuman hokimligi, prokuratura va obyektlar rahbarlariga axborot va taqdimnomalar kiritildi.

Qo‘riqlanayotgan obyektlarning turli favqulodda vaziyatlarda muhofazasini ta’minlash, bunda qo‘riqlash bo‘limi, obyektlarning fuqaro muhofazasi jamoat tuzilmalari jangovor shayligini oshirish, tuman ichki ishlar bo‘limi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa mutasaddi idoralar, tuman hokimligi bilan hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish, ularda kasb mahorati va ko‘nikmasini oshirish maqsadida “Yong‘in”, “Qurolli hujum”, “Ommaviy tartibbuzarliklar”, “Qal’a”, “Tashvish”xabarlari asosida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilayotir.

Qo‘riqlash tizimlarida kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, mahoratini oshirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida bo‘limda xizmat faoliyatini boshlagan yosh xodimlarga ichki ishlar idoralarida katta amaliy tajribaga ega, obro‘-e’tiborli, tarbiyaviy ishga qobiliyatli xodimlar murabbiy etib biriktiriladi. Ularni xizmatga faol, mehnatsevar, malakali mutaxassis, halol, pok, xushmuomala etib tarbiyalash yo‘lga qo‘yilgan. Ma’naviyat va ma’rifat darslari, xizmat va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari tasdiqlangan jadvalasosida o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilmoqda.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA
2 031