O‘zA O`zbek

30.06.2020 Chop etish versiyasi

Bayram muborak, qadrli yoshlar!

Bayram muborak, qadrli yoshlar!

Yoshlar mamlakatimizning ertangi kuni, jamiyatimizdagi oʻzgarishlarga sabab boʻladigan, bunyodkorlik gʻoyalarini hayotga tatbiq etuvchi muhim kuch, maʼnaviy salohiyatli kelajagimiz hisoblanadi.

Yurtimizda yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ularga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik miqyosi yildan-yilga kengayib bormoqda. Soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, barkamol avlod kamoloti uchun xizmat qiluvchi huquqiy asoslarni yaratish borasida ham salmoqli tadbirlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

"Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunning kuchga kirgani mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona yoshlar siyosatining huquqiy ifodasi boʻldi. 30-iyun – Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kuni etib belgilangani yoshlarni yangi, yuksak marralarga yetaklamoqda.

Yoshlarning orzu-intilishlarini, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish uchun bugun yurtimizda keng imkoniyatlar mavjud.

Yoshlik inson umrining naqadar goʻzal va begʻubor fasli, ulkan orzu-umidlar, beqiyos imkoniyatlar davri ekanini yana-da chuqur his qilgan holda ularga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Ishonchim komil, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini egallab, oʻz amaliy ishlaringiz, gʻayrat-shijoatingiz va albatta ijodingiz, shuningdek sport sohasida erishayotgan yutuqlaringiz bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar boʻlasizlar.

Aziz yoshlarni bugungi qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga, ulkan yutuqlar, baxt va omad tilayman.

Baxtiyor SAYFULLAYEV,

Oliy Majlis Senati

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari

qoʻmitasi raisi.

711
OʻzA