O‘zA O`zbek

16.08.2018 15:59 Chop etish versiyasi

Bayram arafasida 29 yangi bino foydalanishga topshiriladi

Bayram arafasida 29 yangi bino foydalanishga topshiriladi
Toshkent viloyatida ham eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi zo‘r taraddud, munosib tuhfalar bilan qarshi olinmoqda.

Yurtimiz bo‘ylab bayram shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun zamonaviy binolar barpo etilib, foydalanishga topshirilayotir.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Zangiota tumani kengashi va “Mahalla“ xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi binosining foydalanishga topshirilishi ham tuman ahli uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli bugun mahalla xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylanayotgani, jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, o‘zaro nizolashganlarni murosaga keltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli ortib borayotgani ta’kidlandi.

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-fevraldagi farmoni bilan joriy yil 1-dekabriga qadar viloyat, tuman va shahar markazlarida “Mahalla markazi“ majmualarini, 2021-yilning 1-dekabriga qadar esa fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar asosida qurish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilangan, – deydi “Mahalla“ xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Anvar Umarov. – Shunga muvofiq, Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramiga tuhfa sifatida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Nurafshon va Ohangaron shaharlari, Bo‘ka, Zangiota, Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Quyi Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari kengashlari hamda 21 mahalla fuqarolar yig‘ini, jami 29 binoni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur farmon ijrosi yuzasidan joriy yil 1-sentyabriga qadar yana 58 ta o‘zini o‘zi boshqarish organlari binosi mukammal va joriy ta’mirlanib, foydalanishga topshiriladi.

A.Xudoyqulov, O‘zA
1 861