Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 13:03 Chop etish versiyasi

Baxtli yigitlar

Samarqand viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘uv punktida chaqiriluvchilarning dastlabki guruhini muddatli harbiy xizmatga kuzatishda ularga shunday ta’rif berishdi.

Haqiqatdan ham, bugun bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, bilim, ma’naviy va jismoniy yetuklikda boshqalardan ustun bo‘lgan holda harbiy xizmatga qabul qilinishning o‘zi yigitlar uchun katta baxt. Chunki bir yillik xizmat shunchaki konstitutsiyaviy burchni ado etish emas, balki har bir yigitning o‘z kelajagi, kelgusi hayot yo‘lini belgilab olishi uchun yetarli fursat. Harbiy xizmatdan so‘ng ularga davlatimiz tomonidan beriladigan imtiyoz va imkoniyatlar esa orzu-umidlarning amalga oshishiga yordam berishi shubhasiz.

Yigitlarni kuzatish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni A.Saidov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari A.Umarov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov va boshqalar ana shu jihatlar haqida so‘z yuritib, bo‘lajak asarlarga oq yo‘l tiladi.

Prezidentimizning 2018 yil 13 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi va tumanlardagi mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan mavsumga puxta hozirlik ko‘rildi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat chaqiruv komissiyalari tashkil etilib, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit yaratildi. Saralash jarayonlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlash choralari ko‘rildi.

Marosimda chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari so‘zga chiqib, yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

– Payariq iqtisodiyot va servis kollejini bitirganman, – deydi Mehriddin Toshpo‘latov. – Kelgusida harbiy bo‘lish niyatim bor. Armiyaga xizmatga olinganim bu orzuim ushalishi yo‘lidagi dadil qadam bo‘ldi, deb hisoblayman. Bir yillik xizmat davomida ota-onam, ustozlarim ishonchini oqlab, Vatanimizga astoydil xizmat qilaman.

Tadbirda harbiy xizmatga yo‘l olayotgan yigitlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
5 914