O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:43 Chop etish versiyasi

“Baxtli maktablar” loyihasi ommalashtirilmoqda

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 70-umumtaʼlim maktabida Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablari psixologlari malakasini oshirish, bilim koʻnikmalarini rivojlantirish, “Baxtli maktablar” loyihasini ommalashtirishga qaratilgan oʻquv-seminari tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlim vazirligi mutaxassislari, maktab psixologlari va pedagoglar ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilar oilaviy qadriyat va qoidalar, pedagogik jamoani ahillashtirish, oʻsmirlar orasida mustahkam doʻstlikni shakllantirish kabi masalalarda bahs-munozaralar olib bordi.

– Qariyb yigirma yildan beri psixolog sifatida faoliyat yuritaman, – deydi Yunusobod tumanidagi 240-umumtaʼlim maktabi amaliyotchi psixologi Malika Sohibjonova. – Oʻquv-seminarda oʻsmirlardagi zararli odatlarning oldini olish va tengdoshlari, ota-onalar bilan muomaladagi muammolarni oʻrganishga bagʻishlangan trening mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi. Treninglarni videoroliklar, interaktiv oʻyinlar bilan boyitgan holda olib bordik. Bugungi mashgʻulotlarda ham tumandagi 40 ta maktab psixologlari ishtirok etdi. Maqsadimiz “Baxtli maktablar” loyihasini ommalashtirish. Buning uchun esa, avvalo, oilalar baxtli boʻlishi lozim.



Inobat Ahatova, OʻzA
1 789