Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 16:20 Chop etish versiyasi

Baxtiyor oilalarning muhtasham koshonalari

Baxtiyor oilalarning muhtasham koshonalari Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida yangilangan loyihalar asosida qurilgan 600 dan ziyod uy foydalanishga topshirildi. Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi bayrami arafasida yana ko‘plab oilalar ana shunday uylarda hovli to‘ylarini nishonlaydi.

Bugun yurtimizning qay go‘shasiga bormang, ulkan yangilanishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ustidan chiqasiz. To‘g‘risiyam shu-da, bunday olamshumul o‘zgarishu yangilanishlar hafta yo kunora emas, balki soat sayin yuz bermoqda. Bir muddat o‘zga yurtda yashagan kishi bugun o‘z shahri, qishlog‘i yo mahallasini tanimay qolishi aniq. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – odamlarni bugungi hayotidan rozi qilish.

Ayniqsa, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi samarasida aholi turmush farovonligi tobora yuksalmoqda.

Farg‘ona viloyatida 2009-2016-yillarda 192 qishloq massivida 5 ming 916 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. 218 kilometr tabiiy gaz, 247 kilometr ichimlik suvi, 149 kilometr elektr tarmog‘i tortildi, 182 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilindi. Barpo etilayotgan zamonaviy ta’lim muassasalari, maishiy xizmat va savdo markazlari, madaniyat va sport maskanlari yurtimiz ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shmoqda. Qishloqqa sanoatni, xizmat va servis shoxobchalarini olib kirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan qayta ishlash korxonalari barpo etish va shu hisobdan qishloq aholisi, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash, odamlarning daromadi va farovonligini oshirish borasidagi ishlar yuksak samaralar berayotir.

Prezidentimizning 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi va 2016-yil 22-noyabrdagi "2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorlari bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq hududlarida butunlay yangicha yondashuv asosida uy-joylar bunyod etishga kirishildi. Yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi qishloq aholisining keng qatlami uchun zamonaviy va shinam uylardan foydalanish darajasini tubdan oshirishga, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash va qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

– Joriy yilda viloyatdagi 30 massivda 1 ming 228 uy-joy yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilmoqda, – deydi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Farg‘ona viloyati filiali direktori Avazjon G‘aniyev. – Agar 2009-yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dasturda ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylarni quruvchilar uchun 15 foizdan iborat. Eng muhimi, bunday uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilmoqda. Har bir massivning bosh rejasida xizmat ko‘rsatish obyektlari, sport maydonchalari va muhandislik tarmoqlari, hovli qismida bolalar maydonchasi, uy egalari dam olishi uchun sharoit e’tiborga olingan. Energiyani tejaydigan mahalliy materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanish yanada kengaytirilishi barpo etilayotgan uylarning tannarxi pasayishiga hamda aholining barcha qatlami uchun maqbul narxlar belgilanishiga xizmat qilmoqda.

Qishloq joylarda zamonaviy uy-joy qurilishi, yo‘llar holatini yaxshilash, transport va kommunikatsiya xizmatlarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlardan ko‘zlangan maqsad qishloqlarimizda hayot sifati va yashash madaniyatini yangi, yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishdir. Bu bizning qishloq haqidagi tasavvurimiz, qishloq va qishloq ahliga bo‘lgan munosabatimizni tubdan o‘zgartirmoqda. Bugun Farg‘onaning eng chekka hududlarida bunyod etilgan turar joylarda Farovon turmush, Mustaqillik shukronasi, Istiqlol kabi yangi ko‘chalar paydo bo‘ldi. Bu ko‘chalardan yurar ekansiz, obodligu orastalikdan qalbingiz faxrga to‘ladi.

Yoshi ulug‘ insonlar yaxshi eslaydi. Bir paytlar pishiq g‘ishtdan uy qurish, ayniqsa, qishloq odamlari uchun shunchaki orzu edi, ertakdek tuyulardi. Tor ko‘chalar, guvaladan ko‘tarilgan pana-pastqam uylar – qishloq manzarasi shu edi. Bugun esa barchasi o‘zgardi. Mustaqillik qishloqqa taraqqiyot olib keldi.

Ezgu niyat bilan o‘zi va farzandlari uchun uy qurish xalqimizga xos azaliy odat. Ammo uy qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun katta mablag‘, kuch kerak. Xalqimizning “Uy qurishga yo o‘g‘ling, yo puling ko‘p bo‘lsin”, degan maqoli bejiz aytilmagan. Shu bois, ilgari uy orzu-havas bilan emas, asosan boshpanaga ehtiyojmandlik tufayligina qurilgani barchamizga ma’lum.

Mustaqillik tufayli odamlarning turmush farovonligi yuksalib, talab-ehtiyojlari, didi o‘sib borayotir. Buning ustiga namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uylarning zamonaviyligi, ipoteka kreditining foizi past va uzoq muddatga berilishi, ayniqsa, farzandini alohida chiqarmoqchi bo‘lgan oilalarga ma’qul kelmoqda.

Toshloq tumanida o‘tgan yillar davomida 200 dan ortiq oila ana shunday uylar egasiga aylandi. Joriy yilda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 30 arzon uy-joy qad rostlamoqda. Ilgari dasht va toshloqdan iborat bo‘lgan Beshqo‘rg‘on massivida bugun yangi turar joylar bunyod etilishi hudud qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Bugun bu yerdagi uylarda yashashni ko‘pchilik havas qiladi. 2 sotixli 10 uy qurilib, foydalanishga topshirildi. Uylar qurilishida “Farovon uy-joy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlarining xizmati katta bo‘ldi.

– Uyda bir oila uchun barcha sharoit bor, – deydi yangi uy sohibalaridan biri Feruza Aliyeva. – Anchadan buyon yangi uy qurishga ehtiyoj sezardik. Uch farzandimiz bor. Bitta uy qurish qanchalar qiyin ekanini yaxshi bilamiz. Mana shunday pishiq g‘ishtdan qurilgan, mo‘jazgina tomorqasi bo‘lgan uyda yashashning gashti baribir boshqacha ekan.

Ha, bugun “Uylar muborak!” degan gapni yurtimizning barcha hududlarida ko‘pchilik tomonidan eshitamiz. Barchaning nigohidan quvonch va shukronalikni uqib olish qiyin emas. Yangi uylarda farovon yashash uchun barcha qulaylik yaratilgan. Mehmonxona, bolalar xonasi, yotoqxona, oshxona va yuvinish xonalari zamonaviy jihozlangan. Xonadon hovlisida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun mo‘ljallangan kichik yer, tandirxona va omborxona joylashgan. Har bir xonadonda kichik qozonxona orqali isitish tizimi ishlamoqda. Ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlangan.

– Anchadan buyon shunday uylardan birini farzandlarimga olib berishni niyat qilib yurardim, – deydi “Axshak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Hosiljon ota Yo‘ldoshev. – Yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylarda barcha sharoit muhayyo. Rosti, farzandlarimga, nevaralarimga havasim kelayapti. Mana shunday uylarda albatta yaxshi niyatlar, orzular tug‘iladi.

Qishloqlarda bunyod etilayotgan yangi uy-joy massivlari hududlar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, odamlarning ko‘rkam va shinam uylarda, barcha qulayliklarga ega zamonaviy mahallada osoyishta, farovon turmush kechirish borasidagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Massivlarda keng va ravon yo‘llar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilib, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan ta’minlanayotgani, kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilayotgani shaharnikidan qolishmaydigan sharoitga ega bunday uylarga odamlarning intilishini kuchaytirmoqda. Ularda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. Bu esa mamlakatimizda inson va uning sha’nini ulug‘lash, manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasi sifatida qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 440






Все о погоде - Pogoda.uz