O‘zA O`zbek

16.08.2018 18:32 Chop etish versiyasi

Baxt insonni izlaydigan yurt

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini agrar soha, yuksak sayyohlik salohiyati va tabiiy imkoniyatlari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan Navbahor tumani misolida ham ko‘rish mumkin.

1980 yilda tashkil etilgan, katta qismi cho‘l va dashtliklardan iborat tumanda bugungi kunda qariyb 109 ming aholi istiqomat qiladi. Tumanni har tomonlama rivojlantirishda barcha bir yoqadan bosh chiqarib ish olib bormoqda.

“Navoiy viloyatini 2018-2019 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi”ga muvofiq tumanda umumiy qiymati 340 milliard 238 million so‘mlik 53 loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Ularning amalga oshirilishi 410 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 2 mart kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida ichki imkoniyatlarni qayta hisoblab chiqib, qiymati 35 milliard 352 million so‘mlik qo‘shimcha 29 loyiha ishlab chiqildi. Bu yana qariyb 100 ta yangi ish o‘rni, demakdir. Ularning asosiy qismi sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Bugungi kungacha umumiy qiymati 28 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshirildi va 127 yangi ish o‘rni yaratildi. “Paradise garden” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 40 gektar maydonda umumiy qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida uzumchilik tashkil etish hamda 15 yangi ish o‘rni yaratish belgilangan edi. Bugungi kunda 16 gektarga tok qalamchalari o‘tqazilib, qolgan yer ekishga tayyorlandi. Mazkur jamiyat tomonidan Janubiy Koreyaning “Ms Holdings” korxonasi bilan hamkorlikda vino zavodi qurish mo‘ljallangan. Italiyaning “Della Toffala Spa” korxonasidan qiymati 448 ming yevro bo‘lgan texnologiyalar sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Loyihaning amalga oshishi 25 kishining doimiy bandligini ta’minlaydi.

Tumanda xorijiy va mahalliy sayyohlarni keng jalb etish, turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi turizm xizmati bilan shug‘ullanuvchi “Sarmishsoy-Navoiy”, “Muhabbat bog‘i”, “Olmosbek tinchligi”, “Uchtut javohir toshlari” kabi ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaliklari va korxonalari tashkil etilib, mehmonlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ular amalga oshirilsa, bir vaqtning o‘zida 500 dan ortiq sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Haqiqiy mo‘jiza – dastlabki tamaddun o‘choqlaridan biri bo‘lgan va 7 mingdan ortiq qadimiy qoyatosh suratlari aks etgan “Sarmishsoy” tabiiy-tarixiy yodgorligi tuman aholisining faxridir. Ilk sivilizatsiyaning boshlang‘ich nuqtasi aks etgan ushbu tasvirlarni o‘rganish asosida o‘lkamiz tarixini qayta jonlantirish yosh avlodni milliy o‘zlikni anglash ruhida tarbiyalash omili bo‘lib xizmat qiladi. Yaqin kelajakda qadimiy daraga keluvchilar uchun zamonaviy sharoitlarni yanada yaxshilash rejalashtirilgan.

Hudud qadimiy tarixiy obidalarga boy, shu bois bu yer yil davomida xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan gavjum. Sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish maqsadida joriy yilda umumiy qiymati 2,4 milliard so‘mlik obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda. “Sarmishsoy – Navoiy“ mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 200 o‘rinli 45 ta zamonaviy kottej barpo etilib, namunali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Tumanda asosiy e’tibor yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva-sabzavotni qayta ishlash va uning eksportini kengaytirishga qaratilmoqda. Yaqinda tashkil etilgan “Bobur bunyodkor” MCHJ, “Navbahor agro omad” fermer xo‘jaligi hamda “Navoiy bio plyus” xususiy korxonalari faoliyati shu maqsadni ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan. Ayni paytda ular tomonidan Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinmoqda. Eksport hajmini oshirish maqsadida “Silk Road construction and texnologies” va “Imkon premium avto oil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining har biriga tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida yong‘oq, bodom va pista ekish uchun 100 gektardan yer ajratildi.

Yetishtirilgan mahsulotni sifatli saqlash uchun sig‘imi 1 ming 625 tonna bo‘lgan to‘rtta muzlatgich mavjud edi, yana loyiha qiymati 2 milliard so‘mga teng bo‘lgan 1000 tonnalik muzlatgichli omborxona qurish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Sanoat korxonalari tashkil etish va mahalliy xomashyodan samarali foydalanishga oid tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Bunda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishni yanada rag‘batlantirish borasidagi qator farmon va qarorlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, tuman avtomobil yo‘llari korxonasining 5 milliard 200 million so‘mlik investitsiyasi hisobiga asfalt zavodi qurilishi jadal olib borilmoqda.

2018-2019 yillarda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan va shakllantirilgan istiqbolli loyihalar ham odamlarda ertangi kunga ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ularning 71 milliard so‘m qiymatidagi 45 tasi joriy yilda faoliyat boshlaydi va 354 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Amalga oshirilayotgan bunday izchil islohotlarda Navbahor tumani ahlining orzu-umidi, ozod va obod Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi mujassam. Yangi davr, zamon bizga har bir jabhada ana shunday misli ko‘rilmagan imkoniyatlar berdi. Bajarishimiz lozim bo‘lgan ishlar esa hali juda ko‘p. Tuman markazida zamonaviy shaharcha, ko‘rkam istirohat bog‘i barpo etish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, kitob do‘konlarini ko‘paytirish, ayniqsa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish shular jumlasidandir.

Xalqimizning qadimgi hikmatlarida “Inson baxt izlamaydi, baxt insonni izlaydi”, degan ibora bor. Bugun mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar ana shu qadim hikmatning hayotimizda o‘z ifodasini topishiga zamin yaratmoqda. Zero, qalbi pok, yuzi yorug‘ elning ertasi ham albatta, nurafshon bo‘ladi.

Lochin Oblaqulov,
Navbahor tumani hokimi
vazifasini bajaruvchi.

O‘zA
2 058