Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2017 12:48 Chop etish versiyasi

Baxshilar madhida istiqlol

14-mart – “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis etilgan kun

Erta ko‘klamda baxshining ilhomi jo‘sh uradi. Charaqlagan oftob, novdada ko‘z ochgan kurtak, iliq shabada, sabza maysalar zavqi ila ijodga kirishib, yangi qo‘shiqlar, matal va ertaklar to‘qiydi. Shu kezlarda biz ham do‘mbiraning sho‘x ohangi, baxshining jo‘shqin xonishini qo‘msab qolamiz. Uning xumori shunchaki xumor emas, balki qon-qonimizga singib ketgan ma’naviy-ruhiy ehtiyojdandir. Bu ehtiyoj ota-bobolarimiz minglab yillar davomida shu san’atdan bahramand bo‘lib kelgani boisdir balki.

Xalq og‘zaki ijodi doimo xalqning badiiy tarixi, milliy va ma’naviy qadriyatlarining sarchashmasi bo‘lib kelgan. Ana shu bebaho ijodni asrlar osha sayqallab, ko‘z qorachig‘idek asrab kelgan baxshilarga istiqlol yillarida yuksak ehtirom va e’zoz ko‘rsatilmoqda.

1999-yilda mamlakatimizda «Alpomish» dostonining ming yilligi keng nishonlandi. 2000-yil 14-martda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoniga muvofiq "O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi" faxriy unvoni ta’sis etildi. O‘zbekiston Respublikasining «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-oktabrdagi “2010-2020-yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda baxshichilik an’analarini keng targ‘ib qilish, dostonchilik maktablarini rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mamlakatimizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida baxshichilik san’ati an’analari rivojlanmoqda. Hozirgi kunda bu hududlarda bir necha dostonchilik maktablari mavjud. Ularda "ustoz-shogird" yo‘li bilan baxshichilik an’analari davom ettirilayotir.

An’anaviy o‘tkazilayotgan festivallar, ko‘rik-tanlovlar, aytishuvlarda baxshilar mahorati charxlanmoqda. Yig‘inlar, to‘y-hashamlar, davralarda xalqimizning vatanparvarlik, bahodirlik, jasurlik, mehr-sadoqat haqidagi azaliy hikmatlari jamlangan dostonlar jaranglamoqda. Yurtimizda bayramlar, shodiyonalar, Navro‘z sayli baxshilar ishtirokisiz o‘tmaydi.

Istiqlol yillarida baxshichilik san’atiga e’tibor oshishi bilan birga xalq og‘zaki ijodi namunalarini ilmiy o‘rganish ishlari ham izchil olib borilayotir. Bu jarayonda xalq ijodi mahsuli bo‘lgan dostonlar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda tarbiya omili ekanligi qayta-qayta e’tirof etilmoqda.

– Folklorshunos olimlarimiz ta’kidlaganidek, xalqimiz og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lgan «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li», «Rustam», «Ravshan» kabi dostonlarimiz, ertaklar, qo‘shiqlar, matal va maqollar yosh avlodning ma’naviyatini boyitish, ularda go‘zal insoniy fazilatlarni shakllantirishda muhim manbadir, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi dotsenti Abdumurod Tilovov. – O‘zbek xalq dostonlarida ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, inson kamolotiga to‘sqinlik qiluvchi illatlar shunchaki pand-nasihat tarzida emas, balki jonli, ta’sirli voqea-hodisalar, nozik detallar orqali yetkazilishiga guvoh bo‘lamiz.

Bir misol. «Alpomish» dostonida ustoz huzuriga ta’lim olish uchun yo‘lda ketayotgan yosh Alpomish bir qushni quvadi. Qush bir devor kovagiga kirib ketadi. Qushni tutolmagan Alpomish o‘sha kovakni loy bilan suvab tashlaydi. Ma’lumki, oradan bir necha muddat o‘tgach, Alpomish o‘zi zindonga tushadi va u yerda yetti yil yotadi. Zukko o‘quvchi bundan «Hatto bir qushga yetkazilgan ozor, albatta, jazosiz qolmas ekan», degan xulosa chiqarib olishi tabiiy.

Baxshichilikning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu san’atni soxtalashtirib bo‘lmaydi. Uning jozibasi jonli ijroda. Soz, badiiy-g‘oyaviy jihatdan yuksak asar uyg‘unligida Vatan madhi, bahodir alplar jasorati, yor vasli kuylanadi. Ularni tinglay turib, yaxshilikni ko‘ngilga joylab, yomonlikdan yuz o‘giramiz. Hatto Boychiboru G‘irko‘klarning yerga urayotgan tuyoqlari zarbini his qilamiz, Alpomishga yelka tutib, Oybarchinga quloq tutamiz... Buning siri esa har bir so‘z, har bir ohangning o‘ziga xos fazilatini anglagan baxshining ijro mahoratida.

O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi Shodmon Xo‘jamberdiyevning ijro mahorati ham ana shunday qiymatga ega. U Sherobod dostonchilik maktabining usta baxshilaridan bo‘lgan Shoto‘ra baxshining nabirasi, sulolaning uchinchi avlodi. Uch-to‘rt yoshidanoq «Alpomish» dostonidan parchalar yodlagan, to‘qqiz yoshida davrada doston kuylagan. Qodir baxshi Rahimov, Chori baxshi Umirov, Qo‘shboq baxshi Mardonaqulov kabi o‘tkirnafas ustozlardan saboq olgan.

Sh.Xo‘jamberdiyev Termizda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan “Baxshi-shoir, oqin va jirovlar” ko‘rik-tanlovida baxshichilik mahoratini yuksak darajada namoyon qilib birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ayni vaqtda Surxondaryo viloyati Sherobod tumani madaniyat va aholi dam olish markazida tashkil etilgan baxshichilik to‘garagida yoshlarga saboq bermoqda.

– Yurtimizda baxshilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘batdan dilim toshgan vaqtlarda bobom Shoto‘ra baxshining «Erkli eldagina baxshilar bulbul bo‘ladi» degan so‘zlarini eslayman, – deydi Shodmon baxshi. – Bobom baxshilarni o‘tmishning aks-sadosi der edi. Ular bugunning yangroq ovozi hamdir. Axir, osudalikda o‘tayotgan har bir kunimiz, farovon va baxtli hayotimiz, har sohada qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning har biri doston-ku?! Ularni biz kuylamay, kim kuylasin?!

Mustaqillik murodlarga yetkazdi,

G‘am-alamni qalbimizdan ketkazdi,

Boysuntovdan poyezd yo‘lni o‘tkazdi,

Buyuk ishlar mustaqillik tufayli...


Bu so‘zlarning bari samimiy, dildan to‘kilib tushayotgani ayon. Yo‘qsa baxshining mijjasida shukronalik yoshi, muxlislar xitobida olqish bo‘larmidi.

Malohat Husanova, O‘zA
3 655






Все о погоде - Pogoda.uz