O‘zA O`zbek

15.07.2020 Chop etish versiyasi

Baxmalda uzumchilik rivojlanmoqda

Baxmalda uzumchilik rivojlanmoqda

Baxmal tumani Jizzax viloyatining boshqa hududlaridan farqli jihati shundaki, iqlimi meva yetishtirish uchun juda qulay. Shu bois azaldan Baxmal olmasi va uzumlarining dongʻi ketgan.

Ayni paytda hududda uzumchilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu kunga qadar sohibkor dehqonlar tomonidan 420 gektar maydonda tokzorlar tashkil etilgan. Bularning barchasi aholiga sifatli meva yetishtirish borasida qilinayotgan xayrli ishlardir.

Ana shunday xayrli ishda “Jamshid faxrli bogʻi” bogʻdorchilik va koʻchatchilikka ixtisoslashgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining ham munosib hissasi bor. 2017-yilda tashkil etilgan mazkur fermer xoʻjalik bugungi kunda shartnoma asosida fermer xoʻjaliklariga koʻchat yetkazib beradi. Ayni paytda 70 sotixda 150 ming tup tok koʻchatlari yetishtirilmoqda. Bundan tashqari 9 gektar bogʻda 2 ming tup olma daraxtlari parvarishlanmoqda.

– Nimaga erishgan boʻlsam barchasi ushbu mehnatim evaziga, – deydi xoʻjalik rahbari Faxriddin Sarimsoqov. - Bu yil tok koʻchatning barcha navlaridan qalamchalarni yerga qadaganmiz. Nasib boʻlsa koʻchatlarni oktyabr, noyabr oylarida sotishni moʻljallab turibmiz. Hozirdan fermer xoʻjaliklari bilan shartnomalarni imzolab qoʻyganmiz. Qolganini aholiga yetkazib berishni koʻzlab turibmiz.

Oʻtgan yili fermer tok koʻchatining oʻzidan 120 million soʻmdan ziyod daromad qildi. Bu yil esa undanda koʻproq daromad olish uchun mehnat qilayotir. Xoʻjalikda 5 ta doimiy, 15 ta mavsumiy ish oʻrni yaratilgan.

3 565
Jamshid YORBEKOV(surat), OʻzA