O‘zA O`zbek

29.08.2018 15:54 Chop etish versiyasi

Bardavom islohotlar madaniyat va sanʼat rivojini yangi bosqichga koʻtaradi

Bardavom islohotlar madaniyat va sanʼat rivojini yangi bosqichga koʻtaradi
Oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash, milliy madaniy va maʼnaviy merosni saqlash hamda koʻpaytirish, xalqimizni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Ammo sohadagi kamchiliklar yanada chuqur islohotlarni talab etmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishni taʼminlash, muassasalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, aholining ularga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish, mamlakatimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuvini taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qarorda belgilanishicha endilikda sinov tariqasida muzeylar byudjetining kamida 30 foizini tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish tizimi amalga oshiriladi. Bunda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish orqali, shuningdek, muzeylar byudjetining kamida 15 foizini xayriya mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutuvchi oʻzini oʻzi taʼminlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modeli hayotga tatbiq etiladi.

Muzeylar infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish orqali koʻrsatiladigan xizmatlarning interaktivligini oshirish, shu jumladan, “smart” texnologiyalarni, yaʼni axborot doʻkonchalari, 3-D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar kabi yangiliklar soha faoliyati jonlanishiga xizmat qiladi.

Muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini koʻrish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish borasida qilinadigan ishlar, aholi, eng avvalo, yosh avlod uchun moʻljallangan boʻladi.

2018-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish maqsadida “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Bunda madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, koʻrsatiladigan xizmatlarning sifat darajasini oshirish, xodimlar malakasini oshirish kabi vazifalar belgilangan.

Qarordagi madaniyat va sanʼat muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini (CHOYAET) joriy etish va uning ishlash tartibini belgilash borasidagi taklif koʻpchilik eʼtiborini tortdi. CHOYAETga ulangan respublika madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu chiptadan tushgan mablagʻlarni maqsadli yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan, chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish huquqiy jihatdan mustahkamlanadi.

Aslida istiqlol yillarida madaniyat va sanʼat rivoji uchun amaliy saʼy-harakatlar boʻlgan. Ammo mazkur qaror bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi.

Nodir Niyozov,
Navoiy viloyati
Madaniyat boshqarmasi boshligʻi

OʻzA
1 767