O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 12:45 Chop etish versiyasi

Barchasi aholi manfaatlari uchun

Barchasi aholi manfaatlari uchun

Toshkent viloyati Angren shahar ichki ishlar boʻlimining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi yangi binoda ish boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, tuman va shahar ichki ishlar boʻlimlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari masʼullari, keng jamoatchilik vakillari va mahalla faollari ishtirok etdi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan olijanob gʻoya xalqimiz manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilayotgani, bunda ichki ishlar tizimi, xususan, aholi gavjum boʻladigan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlarida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar yangi binoda aholiga biometrik pasport berish, xorijga chiqish yuzasidan hujjatlarni nazoratdan oʻtkazish va rasmiylashtirish, doimiy va vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish boʻyicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Masʼullar tomonidan barcha tuman va shaharlarda aholi uchun shunday qulay sharoit yaratish lozimligi qayd etildi.

Tadbir mobaynida birinchi marotaba fuqarolik pasporti olayotgan bir guruh yoshlarga biometrik pasportlar tantanali ravishda topshirildi.

A.Xudoyqulov, OʻzA