Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

31.08.2018 18:11 Chop etish versiyasi

Barchamiz uchun vijdon ishi

Barchamiz uchun vijdon ishi Yunusʼhoji Maqsudiyning “Fan” nashriyotida chop etilgan “Ulugʻlar davrasida” nomli kitobida Abdulla Alaviy, Elbek, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Gʻulom Zafariy, Usmon Nosir, Gʻozi Yunus kabi benazir ijodkor, olim-ulamolar haqidagi xotiralarni oʻqiganda dildan kechgan tuygʻularning nurli titrogʻi qalbdan ketmaydi.

“1929 yil bahor kunlarining birida odatdagiday doʻkonlariga tushsam, boshida Olimxon akaning qoʻlidan chiqqan koʻk duxoba doʻppi, egnida qora beqasamdan tikilgan reza choponli bir kishi bor ekan. Hol-ahvol soʻrashganimizdan keyin Olimxon aka menga: “Bu akangni taniysanmi?” dedi. Men: “Oʻzlarini birinchi koʻrishim, ammo asarlari, suratlari orqali yaxshi taniyman”, dedim. Shunda Olimxon aka Qodiriyga qarata: “Bu yigit adabiyotga mukkasidan ketgan, sening yozganlaringga juda ixlosmand”, deb qoʻshib qoʻydilar” – bu voqea yosh Yunusni ulugʻlar davrasiga olib kirgan baxtli tasodif edi".

Shoir Choʻlpon, ulamo Nodirxon maxsum, Olimxon aka davrasidagi yana bir suhbat bayonida shunday satrlar bor: “Olim aka: “Julqun sheʼriyatga qattiq berilgan-u, lekin shoir boʻlolmay qolgan”, degan edi, Choʻlpon: “Yaxshiyam shoir boʻlmagan, shoir boʻlganda, bizga non yoʻq edi”, deb hazillashdi va Qodiriyning ulugʻ sanʼatkor ekanini taʼriflab, shoir-adiblarning ijodi asosan 40-60 yoshlarida kamolga yetadi, bas, shunday ekan, yaqin yillarda Qodiriy tengi yoʻq adib sifatida shuhrat qozonishiga, nomi jahonga yoyilishiga imonim komil, deb ilova qildi”.

“...Choʻlpon 1934 yili “Hamlet”ning tarjimasini va “Kecha va kunduz” romanining birinchi qismini tugatgan edi. Bir kuni u roman muqaddimasini oʻqib berdi. Men zavqlanib “Qodiriycha tasvir boʻlibdi-ku”, degan edim, “Menimcha, ikkinchi marta Qodiriydaqasi dunyoga kelishi qiyin”, dedi.

“...Men uchib bordim. Choʻlpon quchoqlashib koʻrishdi va qoʻlimni qoʻyib yubormay, bir sheʼr oʻqidi-da: “Qalay, yoqdimi?” – deb soʻradi. “Juda yaxshi yozilgan. Biroq uslubingizni oʻzgartiribsizmi?” – dedim. “Didingga qoyilman. Topding. Oʻtir, deb meni toʻrga oʻtqazdi-da, gap boshladi. – Teatr binosida Usmon Nosir degan yosh shoir bilan koʻrishdim, uning toʻplamidagi sheʼrlarini oʻqib, hangu mang boʻlib qoldim. Mana, haqiqiy shoir dunyoga kelibdi, deb uni olqishladim, tabrikladim. Senga oʻqib bergan sheʼr oʻshaniki edi...”

Ular har bir soʻzi, amali hamisha ibratga loyiq boʻlgan, qalban ozod, fikrlari hur, vatanni va xalqni sevguvchi shaxslar edi. Adolatsizlik ularning taqdiriga, shu orqali millat maʼnaviyati, madaniyati, adabiyoti, ilmu maʼrifati taraqqiyotiga bolta urdi.

Istiqlol bizga iqtidorimiz, kuch-quvvatimizni jonajon Oʻzbekistonimiz va aziz xalqimiz manfaati yoʻlida sarf etib, baxtiyor yashamoq yoʻllarini keng ochdi.

Toʻqsonni qoralayotgan toshkentlik Anvar aka Alouddinov yurtimizda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani, shu ishlar barobarida ajdodlarimizdan qolgan noyob kitoblarni jamlash, ularni chuqur oʻrganib hayotga tatbiq etish, avlodlarga eng bebaho meros sifatida qoldirish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlardan quvonib, toʻlqinlanib yoshlik yillarini esladi.

– 1944 yil, oʻsmir edim. Otamning akasi Nodirxon amakim chaqirib: “Hozir bir joyga borib kelamiz”, dedi. Juda shoshayotgani koʻrinib turardi. Ikkalamiz Eshon buvaxon akamning (oʻsha paytda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston diniy nazorati boshqarmasining birinchi raisi, muftiysi) uyiga bordik. Eshon buvaxon akam: “Men Moskvaga bordim, Stalinning oldiga kirib, Oʻrta Osiyoda diniy nazoratni tashkil etishga ruxsat oldim”, dedi. Juda xursand boʻlishdi, uzoq duolar qilindi. Keyin mezbon: “Endi odamlar berkitib qoʻygan, har qayerlarda sochilib yotgan kitoblarni yigʻsak boʻladi. Bu ishga boshchilik qilishga sizdan boshqa odamni munosib koʻrmadim”, dedi. Roʻparadagi oppoq devorni koʻrsatib, mendan uni buzishni soʻradi. Hayron boʻlgancha devorni buzish harakatiga tushdim. Sal oʻtmay maʼlum boʻldiki, ilgari oshxonaning bir tomoni boʻlgan bu devor tokchalariga kitoblar taxlanib, suvab tashlangan ekan. Arab yozuvidagi katta-katta kitoblar chiqdi. Amakim bilan Eshon buvam bu kitoblarni avaylab olib, artib-tozalab, koʻzlaridan yosh bilan uzoq varaqlashgani, oʻqishgani hali koʻz oldimdan ketmaydi. Amakim Nodirxon kutubxonani tashkil etishga bosh boʻldi.

Yana bir voqea yodimdan chiqmaydi. Respublika temir yoʻllar boshqarmasining konstruktorlik boʻlimida ishlardim. Sobiq ittifoqdosh respublikalarning Temir yoʻllar vazirliklari xodimlari ishtirokida konferensiya oʻtkazildi. Mehmonlar Samarqand, Buxoroga boradigan boʻldi. Moskva kompressor zavodining direktori “Men Toshkentni tomosha qilaman”, deb poytaxtda qoldi. Unga hamroh boʻldim va iltimosiga koʻra Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston diniy nazorati kutubxonasiga kirdik. Mehmon tarixiy nodir kitoblarni shoshilmay koʻrdi, katta qoʻlyozma Qurʼon kitobi oldida ayniqsa uzoq turib qoldi. Keyin meni chekkaroqqa olib borib: “Soʻrab koʻrgin-chi, shu kitobni ogʻirligi miqdoridagi oltinga almashtirisharmikin?” deb soʻradi. Toʻgʻrisi, yoshligimdanmi yoki ilmiy salohiyatim yetishmaganidanmi, mening nazarimda, mehmon kitob uchun juda koʻp, arziydigan boylik taklif qilayotganday edi. Ammo amakim bu gapga xotirjam, jiddiy turib shunday rad javobini berdilarki, moskvalik mehmon oʻsha zahoti uzr soʻrab kutubxonadan chiqib ketdi.

Istiqlol bizga ming yillar silsilasida sayqallanib bashariyat qalb gavhariga aylangan maʼnaviy merosimizni asl holicha tiklash, uning dunyo boʻylab sochilib yotgan durdonalarini yana oʻzimizga qaytarish va ular avlodlar qalbida yuksak imon-eʼtiqod togʻlarini tiklashi uchun, goʻzal va inja hunarmandligimizga yangi hayot baxsh etib, hayotimizni yanada mazmunli, farovon etishi uchun imkoniyatu sharoitlarni kafolatladi.

...Fargʻonaning Yozyovonidan Ikkinchi jahon urushiga ketgan Abdasxon Aligavharovning halok boʻlgani haqida uchinchi marta “qora xat” kelganda ham aza ochmagan xotini ostonada sharpadek boʻlib turgan erini koʻrganda arvohmi, deb oʻylab “dod” demoqchi boʻldi-yu, tashqaridagilarning “Abdasxon keldi, Abdasxon!” degan ovozlaridan oʻziga keldi... Uch kun oʻtib Abdasxon urushga ketishdan oldin uy burchagiga qoʻyib ketgan uch xalta qovun urugʻini olib: “Mening hamma dardimga mehnat davo boʻladi”, deb choʻlga chiqib ketdi. Chunki “Bu yerlarga faqat paxta ekiladi”, deb rahbarlar unga sugʻoriladigan maydonlardan bir qarich ham berilmasligini aytgandi. Abdasxon xotini bilan qumloqqa qovun urugʻlarini qadab, chelaklab suv tashib sugʻordi. Alloh mehnatini siyladi – qovunlari asal boʻlib pishdi. Yildan yilga choʻl bagʻridagi mehnatu mashaqqat, xalqiga muhabbat evaziga qovunpolizlar kengayib bordi. Abdasxon Aligavharov navlarini tiklagan, yetishtirgan qovunlar mashhur boʻlib ketdi. 1981 yili “Soyuz-7” kosmik kemasida fazoda parvoz qilayotgan kosmonavtlar: “Kosmosga olib chiqqan oziq-ovqatlarimiz orasida oʻzbekistonlik Aligavharovning qovunlari ham bor edi. Shifokorlar bizga juda kam yeyishni tayinlagan boʻlsa ham, biz bu asaldek qovunlarni koʻp yeb qoʻydik”, – degan edi Yerdagilar bilan muloqot paytida.

Himmati, hamiyati, gʻayrat-shijoati yuksak bunday insonlar vatanimizning barcha hududlarida, barcha sohada, barcha zamonlarda kamtarlik, kamsuqumlik, fidoyilik bilan mehnat qilib kelayapti. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Odamlar yer egasi boʻlib, orzusidagi uy-joylarni qurib charchamaydi, shaharu qishloqlar qiyofasi goʻzallashmoqda. Hayotimizning hamma sohasini rivojlantirish, dasturxonimiz toʻkin, el turmushi toʻkin, farovon, qulay boʻlishiga hissa qoʻshishga bel bogʻlagan ilmli, iqtidorli tadbirkorlar mehnatisiz taraqqiyotni tasavvur etolmaymiz.

...Onam umrining soʻnggi kunlarida bobom Qozoqvoyhojining Gʻaribiy taxallusi bilan bitgan gʻazallaridan tuzilgan devonni koʻp esladi. Men bu moʻʼjaz kitobchani onamga olib keldim-da:

– Ona, bobomning kitobi yoningizda tursin, – deb yostigʻining ostiga qoʻymoqchi boʻldim.

Shunda behol yotgan onam:

– Yoʻ-oʻq, – deya jonsarak qoʻzgʻaldi. – Dadamning kitobini mening boshimdan pastga qoʻyma, – dedi.

Ha, qalban boy, saxovatli, muruvvatli, oqibatli, ajdodlarning insonparvar anʼanalariga sadoqatli, Oʻzbek, degan nomga munosib insonlar yonimizda, taqdirlarimiz tutash. Buning uchun Allohga shukrona aytamiz.

Shu kunlarda qalbimizdan ajib hislar kechadi – ulugʻ ajdodlarimiz hayoti davomida qalbi oʻrtanib orzu qilgan, umrini tikkan ozod Vatanda yashamoq bizga nasib etgan ekan, bu ulugʻ neʼmatni avaylash, mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz rivoji, taraqqiyotimiz barqarorligi uchun hissa qoʻshish bizning vijdon ishimiz.

Muhtarama Ulugʻova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat
koʻrsatgan madaniyat xodimi.

OʻzA
1 315