O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:20 Chop etish versiyasi

Barchamiz – bir ufq nurlarimiz

Barchamiz – bir ufq nurlarimiz
Bugun Tojikistonda “Sizningcha, joriy yilda jamiyatimiz hayotida qaysi voqea eng yodda qolarli va quvonchli bo‘ldi?” degan savol bilan ijtimoiy so‘rov o‘tkazilsa, aksariyat fuqarolar bir ovozdan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi” deb javob berishiga ishonchim komil.

Tojikiston Prezidenti, Millat rahnamosi Imomali Rahmon ushbu tashrifni tarixiy deb baholadi.

Bu – ayni haqiqat. Zero, qo‘shni davlat rahbarining yigirma besh yil kutilgan tashrifi bilan chegaraning ikki tomonida istiqomat qilayotgan minglab fuqarolar hayotini shu kungacha murakkablashtirib turgan “temir parda” ham qulay boshladi. Shu bois oradagi sovuqlik yo‘qolib, mamlakatlarimiz rahbarlari samimiy uchrashuvda bir-biriga qarata “Qardoshim” deb murojaat etgan lahzalarda respublikamiz bo‘ylab barcha odamlar behad shodlandi, ayrimlar hatto quvonch yoshlarini yashira olmadi.

Buning ajablanarli joyi yo‘q. Negaki, sayyoramizda tojik va o‘zbek xalqlari singari asrlar osha bir tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan va ajralmas darajada jipslashib ketgan qardosh xalqlar topilmasa kerak. Shu bois ham an’ana va urf-odatlarimiz, dinimiz, turmush tarzimiz, taomlarimiz, musiqamiz, ismlarimiz o‘xshash. Endigina mustaqillikni qo‘lga kiritgan davlatlar o‘rtasida turli sabablarga ko‘ra uzoq yillarga cho‘zilib ketgan va faqat ziyondan boshqa hech narsa keltirmagan, xalqlarimiz irodasiga qarshi yuzaga kelgan sovuq munosabatlar esa, aksincha, ajablanarli hol edi.

Hatto marhumlarni so‘nggi manzilga kuzatish uchun odamlar qarindoshlarinikiga borolmas edi. Albatta, bunga Tojikistonda islom radikallari va ularning xorijdagi homiylari tomonidan uyushtirilgan (endilikda bunda hech kimning shubhasi yo‘q) fuqarolik urushi ham qisman sabab bo‘ldi. Yosh suveren davlat tanlagandemokratik, huquqiy, dunyoviy jamiyat bapro etish yo‘li ularga xush kelmagan edi. Baxtimizga o‘sha qorong‘i kunlar ortda qoldi. Millat peshvosi Imomali Rahmonning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosati tufayli jamiyatimizning sog‘lom kuchlari birlashib, qurolli qarshiliklarga barham berildi. Tojikiston zaminida uzoq kutilgan tinchlik qaror topdi.

Tojik xalqi Qaqnus kabi o‘zini o‘ngladi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan qat’iy odimlamoqda, dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tojik va o‘zbek xalqlarida “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi”, degan maqol bor.

Muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi davomida men guvoh bo‘lgan ajoyib voqea yodga keladi. O‘sha tashrifdan avval poytaxtimizga O‘zbekiston madaniyat arboblaridan iborat katta delegatsiya keldi, qaysi shaharga borishmasin, san’at ixlosmandlari ularning konsert va chiqishlarini yuksak olqishlar bilan kutib oldi. Shoirlar Odam atosi, ustoz Rudakiy bundan o‘n asrdan ortiq vaqt avval

Jahonning shodligi yig‘ilsa butun

Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun,

– deganda, naqadar haq bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qildik.

O‘sha kunlarning birida nabiram Muhammad bilan kechki sayrda yurganimda, ikki kishining o‘zbek tilida gaplashayotgani qulog‘imga chalindi. Ularning mehmon yoki mahalliy ekanini bilish qiyin edi, chunki Tojikistonda o‘zbek tilini O‘zbekistonda tojik tili kabi har yerda eshitish mumkin. Ular O‘zbekistondan kelganini mehmonlarning biri “Ha, bu yer ham Toshkentimiz singari tinch va osoyishta ekan”, deganida bildim. Sherigi unga qarab “Men Fon tog‘lariga borishni, so‘lim Haftko‘lni ko‘rishni uzoq vaqtdan buyon orzu qilaman”, – dedi.

Ha, bizning Tojikistonda bunday go‘zal maskanlar ko‘p, har yili dunyoning barcha mamlakatlaridan minglabsayyohlar bu joylarga tashrif buyuradi. Joriy yilning Turizm va xalq hunarmandligini rivojlantirish yili, deb e’lon qilingani bilan sayyohlar oqimi yanada ko‘paydi. Bu yurtimizda barqaror tinchlik hukm surayotgani, mamlakat barcha sohalarda jadal rivojlanayotganining yana bir dalilidir. O‘zbek aka-singillar, siz ham yurtimizga keling, axir, baxtimizga samolyot vaavtomobil qatnovi tiklandi.

Muhtaram Shavkat Mirziyoyev o‘z tashrifi chog‘ida tinchlik va milliy birlik asoschisi, Millat rahnamosi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga esdalik – hech qachon qulflanmaydigan darvoza sovg‘a qildi. Ushbu chuqur ramziy ma’noga ega sovg‘a tojik va o‘zbek xalqlarining qalbi bir-biri uchun hamisha ochiqligini ifodalaydi. Zero, shoir aytganidek: “Barchamiz – bir ufq nurlarimiz”.

Mansur Surush,
Tojikistonning “Xovar”
Milliy axborot agentligi
adabiy sharhlovchisi.

O‘zA
3 462