O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Bank mijozlari bilan ochiq muloqot

Bank mijozlari bilan ochiq muloqot

“Ipoteka bank” ATIB Namangan viloyati filialida bank mijozlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Kichik va o‘rta biznes, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, xususan, eksportchi korxonalar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilgan tadbirda “Ipoteka bank” ATIB boshqaruvi raisining o‘rinbosari M.Abdurahmonov tadbirkorlar bilan bank va mijoz munosabatlari, har ikki tomon uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini davr bilan hamqadam rivojlantirishga doir masalalar haqida suhbatlashdi.

– Asosiy maqsad bankimizning xizmat ko‘rsatish sifat va samaradorligini oshirishdir, – dedi M.Abdurahmonov. – Bank va mijoz o‘rtasidagi munosabatlar, bank bilan bog‘liq tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga to‘siq berayotgan muammo va qiyinchiliklar, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar, amaliy ahamiyatga ega takliflar bu boradagi kamchiliklarimizni tugatishda, kelgusidagi vazifalarimizni belgilab olishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Muloqotda bir qator tadbirkorlar tomonidan kredit, xorijdan ishlab chiqarish texnologiyalarini keltirishni moliyalashtirish kabi masalalarda ularni qiynayotgan muammolar o‘rtaga tashlandi.

– Men o‘ttiz yildan buyon “Ipoteka bank” mijoziman, – deydi “Porloq musaffo” MChJ rahbari S.G‘anieva. – Shu davr mobaynida faoliyatimni bank krediti yordamida kengaytirib kelyapman, ko‘p marta kredit olib, uni o‘z vaqtida qaytarganman. Ilgari “Ishonchli mijozga – ishonchli kredit” degan imtiyozli kredit ajratmalari bo‘lar edi. Bugungi kunda shu narsa yo‘q. Korxonamizga maxsus kiyim-bosh tikib berish bo‘yicha ko‘plab buyurtmalar tushmoqda. Ammo, cheklangan ishlab chiqarish quvvati tufayli buyurtmalarni qabul qilmayapmiz. Kredit olib qo‘shimcha dastgohlar keltiray desam, hali to‘lab tugatilmagan kreditimiz bor. Agar “Ishonchli mijozga – ishonchli kredit” yo‘nalishi yana yo‘lga qo‘yilsa, bundan foydalanib biz yana faoliyatimizni kengaytirishimiz mumkin. Qolaversa, bunday kredit tadbirkorlar uchun to‘lov intizomiga rioya qilishda o‘ziga xos rag‘bat bo‘lib xizmat qilar edi.

Tadbirkorlar tomonidan o‘rtaga tashlangan takliflar, muammolarning yechimi bo‘yicha fikr-mulohazalar jamlanib tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan bo‘ldi.

1 923
Akromjon SATTOROV, O‘zA