O‘zA O`zbek

17.08.2018 18:12 Chop etish versiyasi

Bandlikni ta’minlashning muhim omili

Xo‘jaobod tumanida “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ustoz-shogird an’anasi asosida hunarmandchilikni rivojlantirish” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati va Xo‘jaobod tumani xotin-qizlar qo‘mitalari, “Hunarmand”, “Tadbirkor ayol” uyushmalari viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hunarmand va tadbirkor xotin-qizlar, mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislari, faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmali seminarda “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yoshlarni hunarga o‘rgatish, bu boradagi yutuq va muammolar tahlil qilindi.

– Ayni paytda uyushma tarkibida 2 ming 471 nafar hunarmand faoliyat yuritmoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shahlo Soliyeva. – Ularning 680 nafari xotin-qizlar bo‘lsa, 492 nafari yoshlardir.

Joriy yilning o‘tgan yetti oyida 756 nafar hunarmandga faoliyatini kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash uchun banklar tomonidan 20 milliard 751 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.

Bugungi kunda “Ustoz-shogird” maktabini yaratish borasida Andijon shahri, Shahrixon, Asaka, Andijon, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda “Ustoz-shogird” maktabini yaratish borasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami va samaradorligini yanada oshirish,shu orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash, bozorlarni sifatli va rang-barang hunarmandchilik mahsulotlari bilan to‘ldirish xususida fikr almashildi.

Shuningdek, tadbir doirasida turli yo‘nalishlarda hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ayniqsa, yosh dizayner va modelyerlar tomonidan yaratilgan yangi liboslar taqdimoti barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

– Xonadonimda tashkil etilgan tikuv sexida asosan bolalar va ayollar libosi tayyorlanadi, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi Sanoatchilar mahallasidan yosh hunarmand Muqaddas Abdunabiyeva. – Soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imkoniyatlar faoliyatimizni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqinda “Qishloqqurilishbank”ning tuman bo‘limidan 50 million so‘m kredit olib, xorijdaishlab chiqarilgan zamonaviy tikuv mashinalari xarid qildim. Natijada 5 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi. Bundan tashqari, hunar o‘rganish istagini bildirgan 7 nafar qizga “ustoz-shogird” an’anasi asosida chevarlik sirlarini o‘rgatyapman.

Tadbirda hunarmandlarga taqdim etilgan preferensiyalar, soliq imtiyozlari, hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kredit olish xususida atroflicha ma’lumot berildi, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Mustaqil ish boshlayotgan 43 nafar yosh hunarmandga mehnat daftarchasi topshirildi. Hunarmandchilikni rivojlantirish, “Ustoz-shogird” maktabini yaratish borasida ibratli faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh usta hunarmandlar tashkilotchilarning faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunidasan’atkorlar va yosh ijrochilar tomonidan taqdim etilgan badiiy dastur barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 843