O‘zA O`zbek

18.07.2018 16:19 Chop etish versiyasi

Bandlikka ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatda turganlarga mikrokredit ajratiladi

Bandlikka ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatda turganlarga mikrokredit ajratiladi Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 iyuldagi “Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berildi.


Kelgusida tashkil etiladigan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga Respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi va hududiy jamg‘armalarning mablag‘lari asosan “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va Xalq banki ATBda kredit liniyalarini ochish va keyinchalik mazkur banklar tomonidan respublika tumanlari va shaharlarida yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik va mini-loyihalarni amalga oshirish uchun mikrokreditlar ajratish maqsadida yo‘naltiriladi.


Mikrokreditlar kichik tadbirkorlik subyektlariga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga, oilaviy tadbirkorlik subyektlariga quyidagilar uchun ajratiladi:


- shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, urug‘liklar, ko‘chatlar, chorva mollari va parrandalar, qishloq xo‘jaligi inventari va uskunalari, sug‘orish moslamalari (nasoslar, artezian quduqlari va boshqalar) xarid qilish;


- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat iste’mol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskuna va xom ashyo xarid qilish;

- xizmat ko‘rsatish sohasida, ayniqsa, maishiy, ta’mirlash, ta’lim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash;

- qishloq tumanlarida, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida kasanachilikni rivojlantirish;


- tuman va shaharlarning ishlab chiqarish ixtisoslashuvi, mavjud mineral xom ashyo, yer, qishloq xo‘jaligi va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yo‘nalishlar;


Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha bo‘lgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi, shu jumladan, tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.


Bunda mikrokreditlar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatga olingan ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan oilalarning a’zolariga va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga garov ta’minotisiz eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmda ajratilishi mumkin.

O‘zA
2 259