O‘zA O`zbek

05.09.2018 11:59 Chop etish versiyasi

Baliqchilik sohasini tashkil etishda “Ipoteka-bank“ ATIB faol

Baliqchilik sohasini tashkil etishda “Ipoteka-bank“ ATIB faol

Soʻnggi yillarda respublikada baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish boʻyicha maqsadli dasturlar qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.

862_7849.MXF_snapshot_01.16_[2018.08.30_14.44.10].jpg

Ayni paytga kelib 3 ming atrofida baliq xoʻjaliklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Baliq xoʻjaliklarini tizimli ravishda qoʻllab-quvvatlash yoʻlida tijorat banklari tomonidan baliqlarni suv havzalari va sadok moslamalaridagi intensiv usulga ega tabiiy havzalarda yetishtirish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yoʻnaltirilgan kreditlar taqdim etilmoqda.

Mamlakatimizda baliqchilik sohasiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi inkubatsion sexlarni qurish, baliqchilik qarorgohlari yaratish, intensiv texnologiyalar asosida yetishtiriladigan baliqlar hajmini orttirish va baliqchilik xoʻjaliklari oziq manbaini mustahkamlash hamda ushbu sohani moliyalashtirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Xorijiy sarmoyalar va tajribali mutaxassislarni jalb qilish, yuqori salmoqli zotdor baliq turlarini tabiiy va sunʼiy suv havzalarida yetishtirishni joriy etish va kelgusida ham rivojlantirish yoʻlida baliqchilik sohasida xorij tajribasini respublikada keng yoyishda va baliqchilik sohasini tashkil etishda “Ipoteka-bank“ ATIB faol harakat qilmoqda.

Bank mutaxassislari endilikda nafaqat baliqchilik sohasida katta tajribaga ega boʻlgan mavjud va qayta tashkil etilayotgan xoʻjaliklarni kreditlash uchun maqbul tizimni yaratish ustida ishlash balki, xalqaro moliya institutlari vositalarini keng jalb qilish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish va baliq ishlab chiqarish hamda ishlov berish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda ishtirok etmoqdalar.

“Ipoteka-bank“ qoshida tuzilgan “Ipoteka Leasing” lizing kompaniyasi baliqchilik va baliq yetishtirish, soha uchun zarur mashina va moslamalar, baliqchilik va ishlov berish jarayoniga kerakli vositalarni sotib olish, baliq yetishtirishda kerakli uskunalarni xarid qilish uchun lizingning amaliy usullaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratmoqda.

Hozirning oʻzidayoq baliqchilik xoʻjaliklarini yaratish, kengaytirish va yangilash, intensiv texnologiyalar va ilgʻor xorij tajribasini joriy etish, ish hajmini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan baliq mahsulotlariga ishlov berish va saqlash borasida 3000 ta loyiha moliyalashtirildi, deb ishonch bilan taʼkidlash mumkin.

Bank mutaxassislari ham chetda turmasdan, mamlakatimiz baliqchilari tez-tez duch keladigan muammolarni oʻrganish, istiqbolli xoʻjaliklarni yaratish uchun yangidan-yangi sharoitlarni hosil qilish uchun xorijiy mutaxassislar bilan izchil hamkorlik qilish ishlarida faol boʻlmoqdalar.

“Ipoteka-bank“ ATIB rahbariyati va xodimlari hamda Turkiya Respublikasining vakili Selchuk Solak oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuv buning yorqin dalilidir.

Uchrashuv davomida baliqchilik sohasiga sarmoya jalb qilish sohada hamkorlik istiqbollari, ayni yoʻnalishda ilmiy yangiliklarga qoʻl urish uchun yangi texnologiyalarni rivojlantirish va oʻrganish borasida yakdil harakat qilish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar chogʻida mamlakatimizda qulay investitsion muhit yaratilganiga alohida eʼtibor berildi.

Ayni damda Turkiyaning akva-madaniyat borasidagi muvaffaqiyati hatto yevropaliklarni ham lol qoldirmoqda. Turkiya Respublikasi dunyoda baliq mahsulotlari ishlab chiqarishda Norvegiyadan soʻng ikkinchi yetakchi davlat hisoblanadi. Aynan ushbu dalil bugun Turkiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etgan mutaxassislarni befarq qoldirmagan albatta.

Turkiyada ayni soha davlat yirik sarmoya kiritishni boshlagan davrdan eʼtiboran taraqqiy eta boshlagan. Turkiya akva-madaniyati loyihalarida jadallik bilan ishlayotgan yangi tizim va texnologiyalar tufayli Turkiya yiliga 260 000 tonna baliq va baliq mahsulotlari ishlab chiqaradi. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash zarurki, Turkiya baliqchi kompaniyalari kamalak rang forel, karas va Qora dengiz lososinibutun yil davomida yetishtiradilar. Oq baqra, sevryuga va osyotrni yirik miqdorda shaxsiy xoʻjaliklar yetishtiradilar.

Oʻtkazilgan muloqotlar yakunida tomonlar sarmoyalar va turk mutaxassislarini jalb qilish, respublikada yuqori mahsuldor baliq turlari, samarali turlarini tabiiy va sunʼiy havzalarda yetishtirishni joriy etish va kengaytirish, Oʻzbekistonda baliqchilik sohasini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash borasida memorandum imzolashga erishildi.

Reklama huquqi asosida

OʻzA
1 686