O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi belgilandi

Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi belgilandi

Baholovchi malaka sertifikatini olishga talabgor boʻlgan shaxsga qanday talablar qoʻyiladi?

Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Baholovchi malaka sertifikatini olishga talabgor boʻlgan shaxsga quyidagi talablar qoʻyiladi:

• oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik maʼlumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida bir yil ish stajiga ega boʻlish;

• qayta tayyorlash kursini tugatganligi toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻlish.

Malaka imtihoninin topshirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

• imtihon topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi ariza;

• soʻrovnoma;

• pasport nusxasi;

• oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning nusxasi;

• mehnat daftarchasining nusxasi

• 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;

• qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi;

• xalqaro sertifikatga ega boʻlganlar uchun xalqaro sertifikat nusxasi;

• 184 ming 300 soʻm yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.

Ariza tushgan kundan boshlab uch kunlik muddatda talabgorning imtihonga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi haqida qaror qabul qilinadi.

Imtihon loyihani himoya qilish va imtihon savollari boʻyicha suhbat oʻtkazishdan tashkil topadi va uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.

Malaka imtihoni uchun maksimal ball 100 ball boʻlib, bunda 50 ball loyiha himoyasi uchun va 50 ball savollarga javob uchun beriladi. 70 balldan yuqorini ball olganlar imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.

Malaka sertifikati 5 yillik muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatga uzaytirilishi mumkin.

Malaka imtihonidan oʻtmaganlar oʻttiz kalendar kuni ichida yozma apellyatsiya berish huquqiga ega.

OʻzA