O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Bahodirlar Samarqandda bellashdi

Bahodirlar Samarqandda bellashdi

Samarqandda Bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish sport turi boʻyicha Oʻzbekiston kubogi bahslari boʻlib oʻtdi.

Faxriylar, kattalar, yoshlar, oʻsmirlar va imkoniyati cheklanganlar oʻrtasida tashkil etilgan musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan 150 nafarga yaqin pahlavon ishtirok etdi.

Musobaqaning tosh koʻtarish bahslarida ishtirokchilar belgilangan ogʻirlikdagi toshlarni 5 daqiqa davomida siltab koʻtarish boʻyicha polvonlarni aniqlab oldi.

Shundan soʻng, Bahodirlar oʻyinlari boʻyicha pahlavonlar bahslarga kirishdi. 105 kg va +105 kg vazn toifalarida qatnashgan sportchilar musobaqa nizomida belgilangan olti shart boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etdi. Musobaqaning eng hayajonli bahsi shubhasiz 17,5 tonnalik MAN rusumli yuk mashinasini 20 metr masofaga tortish bellashuvi boʻldi. Bahodirlar bellashuvining +105 kg vazn toifasida Ibrohim Nazarov gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ushbu sportchiga musobaqa davomida xalqaro toifadagi sport ustasi unvoni topshirildi.

–Kurash, bodibilding, bahodirlar oʻyinlari bilan muntazam shugʻullanib kelaman, mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda gʻolib boʻlganman, - deydi Ibrohim Nazarov. – Bugungi musobaqa joriy yil noyabr oyida Avstraliyada oʻtkaziladigan navbatdagi jahon chempionati oldidan sinov vazifasini oʻtab berdi. Barcha sportchilar xato va kamchiliklarini bilib oldi, endi musobaqaga yanada jiddiy hozirlik koʻramiz.

Oʻzbekiston kubogi bahslarida sovrinli oʻrinlardan joy olgan sportchilar orasidan mamlakatimizning jahon chempionatida ishtirok etadigan tarkibi shakllantiriladi.

Barcha gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

577
Alisher ISROILOV (surat), OʻzA