O‘zA O`zbek

12.07.2019 12:38 Chop etish versiyasi

Bahodirjon Sidiqov: “O‘zbekneftgaz” AJ yevroobligatsiyalar chiqaradi

Bahodirjon Sidiqov: “O‘zbekneftgaz” AJ yevroobligatsiyalar chiqaradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimizning 2019 yil 9 iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mohiyati va ijrosi yuzasidan ma’lumot berildi.

Tadbir davomida O‘zbekistonning neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalar va kelajakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilinadi.

– Mazkur qarorning eng asosiy yo‘nalishi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz va uglevodorodlar bilan ichki bozorni to‘liq ta’minlashga qaratilgan, – dedi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov. – Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nega “O‘zbekneftgaz” AJ shu kungacha bu ishlarni amalga oshirmagan? Negaki ushbu aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyati davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan tashqari davlat funksiyalarini ham amalga oshirgan. Geologik qidiruv, neft va gaz konlari ishlarini olib borish, gaz taqsimotida davlat organi rolini bajargan. Ya’ni o‘zining zarariga bo‘lsa ham ba’zi bir samarasiz loyihalarni amalga oshirishiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur qarorning eng muhim jihati shundaki, davlat organi roli bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt to‘liq ajratildi. Endilikda “O‘zbekneftgaz” AJ faqat o‘z vazifasini bajaradi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda tabiiy gaz va uglevodorodlarning hisob tizimi yo‘q desa ham bo‘ladi. Keyingi yilning oxirigacha respublikada tabiiy gazning aniq hisobi to‘liq joriy etiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ jahon bozoriga chiqadi. Hozirda xalqaro reytingga ega bo‘lish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, keyingi yil “O‘zbekneftgaz” AJ yevroobligatsiyalar chiqarishni rejalashtiryapti.

Xurshid QODIROV, O‘zA
501