O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Bahodir Yo‘ldoshev: Tarixiy shaxs haqida film suratga olayotgan ijodkorning o‘zi shaxs bo‘lishi kerak

Bahodir Yo‘ldoshev: Tarixiy shaxs haqida film suratga olayotgan ijodkorning o‘zi shaxs bo‘lishi kerak


“Diydor” teatr-studiyasi badiiy rahbari, san’at arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, yurtimizda o‘tkaziladigan nufuzli bayram tadbirlarining bosh rejissyori, hech bir qoliplaru andozalarga sig‘maydigan, sahnalashtirgan asarlari durdonalar qatoridan joy olsada, kamtar, teatrni o‘z qismati deb biladigan rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bilan suhbatlashish har qanday jurnalist uchun mas’uliyat yuklaydi. Bu gal ham yurak yutib Bahodir Yo‘ldoshev bilan suhbatlashar ekanmiz, teatr san’ati, unda yoshlarning tutgan o‘rni hamda bugungi rejissura xususidagi fikrlari bilan qiziqdik. Suhbatimizdan soha muammolari ham chetda qolmadi.

– Teatrda mo‘tadil kayfiyat bo‘lmasa, u yerda arzirli ish qilib bo‘lmaydi, degandingiz. So‘nggi yillarda Diydor” rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasida asosan yoshlar bilan faoliyat yuritishingiz sababi nimada, shu mo‘tadillikni yoshlikning beg‘uborligida topdingizmi, yo?

O‘zi yoshlik yaxshi narsa-da, beg‘uborlik bor unda. Abduhoshim Ismoilov bilan birga Samarqandda “Sharq taronalari”da, Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivalida birga ishlaganimizda yoshlar o‘rtasida qiziq bir jarayonni kuzatdik. Shu festivallar sabab konservatoriyada o‘qiydigan ellikka yaqin yigit-qizni saraladik, ular orasidan munosiblarini tanlab “Sharq taronalari”ga olib bordik. Ularning ko‘pchiligi sahna yuzini ko‘rmagan, o‘zini tutish, ovozni sozlash ustida ishlashni o‘z o‘qituvchilaridan o‘rganishgan xolos. Abduhoshimning qo‘liga tushgandan keyin butkul boshqacha uslubga duch kelishdi. Bizdan “nega mahoratli ashulachilar bilan ishlamadinglar, nega yoshlar bilan ishlayapsizlar?” deb so‘rashdi. Haqiqatan ham tajribalilarni olib chiqish, ularga o‘sha o‘zlari biladigan ashulalarni kuylatish oson-ku, shunday qilsak ish ham tezroq ketardi.

Lekin yosh hofizlarning nafas olishi boshqa, nafasining shirasi boshqa, ularning qulog‘iga yoqadigan tembri bor. Ammo 18-19 yoshli yigit-qizlar san’at o‘quv dargohlariga kirib o‘qishni boshlashi bilan yoshiga xos beg‘uborlikni yo‘qota boshlaydi. Menimcha bu ularning yoshligini tortib oladi, nigohi ham, ovozining tembri ham o‘zgaradi. Institutni bitirib kelgan bolaning o‘rta yoshdagi aktyorlardan farqi qolmaydi. Shundan so‘ng tezroq katta bo‘lishga, tezroq o‘z o‘rnini topishga intiladi, mahorati esa kech qoladi.

Bolalarga aktyorlikni o‘rgatishda nimadadir xato qilyapmiz. Yoki ularning o‘zlari katta aktyorlarga o‘xshagisi keladimi, bilmayman. Lekin ularga o‘xshab bo‘lmaydi, Nabi Rahimov, Shukur Burhonov, Hamza Umarov, G‘ani A’zamov, Sora Eshonto‘raeva, Olim Xo‘jaeva, Zaynab Sadrievalardek aktyor bo‘la olmaydi hech kim. Har kim o‘z yo‘lini topishi kerak.

Shu masalada pedagoglar, ustozlar jiddiy izlanishi kerak, ularning yoshligini avaylash lozim. Har xil upa-eligu, yuziga niqoblar solishga shoshilmaslik kerak. Yigit-qizlar o‘zining tabiiyligini yo‘qotmasin. Studiyamizda shu haqida ko‘p o‘ylaymiz. Axir bu bolalar qanchalik beg‘ubor bo‘lsa, samimiy bo‘lsa, shuncha yaxshi-ku, ularning yoshligidan foydalanishimiz lozim. O‘quv dargohlarida ham ularning o‘zligini saqlab qolishga harakat qilish kerak.

O‘quv dargohlarini har yili ko‘plab yosh rejissyorlar bitirib chiqayapti. Hozirgi yosh rejissyorlar ishidan ko‘nglingiz to‘ladimi? Ularning qaysi biri o‘z ijodi bilan teatrda iz qoldira oladi deb o‘ylaysiz?

– Rejissura masalasi u yoqda tursin, hozirgi o‘zbek teatrlarida aktyorlik masalasining ham mazasi yo‘q. O‘quv dargohlarida sahna mahoratidan saboq berganda to‘rtta-beshta vaziyatni o‘rgatishadi. Aytaylik, “sen yosh yigitsan, bir qizni yaxshi ko‘rasan. Unga sevgi izhor qilasan, yalinasan, yoki u qiz senga yalinadi. Sen – kamabag‘al, u – boy. Yoki aksincha”. Shu vaziyatlarni o‘qib-o‘rganib chiqqan yoshlar ertaga teatrga borib faqat o‘sha vaziyatlarni o‘ynaydi. Psixologiya yo‘q. Teatrlarimizda inson psixologiyasi umuman yo‘qolib ketayapti. Aktrisa qizlarimiz faqat yig‘lashni biladi, yigitlarimiz esa faqat urushishni. Bir narsaga amin bo‘ldimki, ayrimlari hatto aktyorlik kasbi nimaligini bilmay o‘tib ketadi. Rejissyor bilan qanday ishlash kerak, rejissyorlik kasbi o‘zi nimaligini tushunmaydiganlari bor. Faqat yoshlar emas, teatrlarning bir necha avlodi tuzukroq rejissyor ko‘rmasdan o‘tib ketayapti. Mana siz jurnalistsiz, odamlardan so‘rang-chi, nechtasi o‘z xohishi bilan chipta sotib olib teatrga borar ekan? Lekin televidenieda teatrlarimiz tomoshabinga to‘la deb maqtashni bilishadi. Nega jurnalistlar shuni o‘rganmaydi? Teatrga soat 10 da kelib, soat 6 da boshlanadigan spektaklga nechta odam chipta sotib olib kirganini kuzatsin. Teatrlarning 400-700 ta joyi bor. Mayli, 100 ta emas, 15 ta odam chipta sotib olib kirarmikan? Nima qilamiz o‘zimizni o‘zimiz aldab? Hozir rejissura masalasi og‘ir ahvolda. Teatrlar rejissyor tanlaganda, bu rejissyor bizga kerak emas, u qattiqqo‘l, ishni talab qiladi, kechikkani qo‘ymaydi, to‘yga ruxsat bermaydi, deb turib olishadi. U qanday spektakl qo‘yishini nazarda tutmaydi. O‘zlariga qulay rejissyorni olishadi. Lekin o‘sha aktyorlar birorta tuzukroq rol o‘ynamasdan umrim o‘tib ketayapti-ku, nega teatr sohasida o‘qidim, faqat shu teatrda ishlab, to‘yga chiqish uchunmi, deb o‘ylamaydimi? Bosh rejissyor nafaqat teatr taqdiriga, balki har bir aktyor taqdiriga mas’ul, uning o‘sishiga, xalqqa tanilishiga javob beradigan odam u. Har bir teatrning badiiy kengashi bor, o‘z teatri kelajagini o‘ylaydigan badiiy kengash shu spektaklni nahotki qabul qilgan bo‘lsa, deb o‘ylaysiz. Axir unga davlatning puli ketgan, aktyorlarning umri ketgan. Har bir aktyor o‘ynaydigan spektakli bahosini yaxshi biladi. Muxlislardan eshitadi bu haqda. Nega spektakl qabul qilinishidan oldin hech kim aktyorlarning fikrini eshitmaydi?..

Yaqinda Amerikaga borganimimizda, Nyu-Yorkda “Alladin” myuziklini tomosha qildik. Sahna dekoratsiyalari va maxsus effektlardan lol bo‘ldim. Myuzklda zal liq to‘ldi. Shunda, agar haqiqiy san’at bo‘lsa, odamlar teatrlarga kiradi, deb o‘yladim. Akustika haqida gapirmasam ham bo‘ladi. Balkonning eng oxirida o‘tirganlarga ham ovoz bemalol eshitiladi. Bizning teatrlarda orqa qatorda o‘tirsangiz ovoz yaxshi eshitilmaydi, aktyorlar baqirib gapirishga majbur bo‘lganidan ijro ham soxtadek tuyuladi. Shu muammolarni ham bartaraf etish payti kelmadimi?

– Bu savolingizni teatr muassasalarini quradigan arxitektorlarga berish kerak. Chunki teatr qurish juda qiyin masala. Uning akustikasi, chiroqlari joylashuvi masalasini jiddiy o‘ylash kerak. Ko‘pincha bizda teatr emas, majlislar zali quriladi. Ayniqsa, viloyatlarda hokimiyat teatr, deb o‘ziga mikrofon bilan ishlashga moslashgan majlislar zali qurdiradi.

Shu ketishda ellik yillardan keyin eng katta muammoimiz nima bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

– 50 yildan keyin ham teatr san’atida muammolarimiz shu bo‘lishi mumkin. Chunki biz hozirgi muammolarimizni hal qilish uchun ancha kech qolayapmiz. Hammasi shu san’at bilan shug‘ullanadigan odamlarga bog‘liq. Hukumatimiz qo‘lidan kelganini qilib berayapti. Har bir teatrda salkam 120 xodim ishlaydi. Lekin hozir chet eldan mehmon keldi, desa ko‘rsatadigan spektakl bormi?

Hozir teatrlarga homiylar biriktirilgan. Ajratilayotgan mablag‘larga balki aktyor yoki rejissyorlarni xorijning eng yaxshi teatrlariga malaka oshirishga yuborish kerakdir. Pul ta’mir ishlariga emas, ta’limga sarflansa, mablag‘ning o‘zi keyin kelavermaydimi?

– Davlatimiz iloji boricha teatrlarga yordam berayapti. Homiylarni jalb qilish ham yaxshilik maqsadida tashkil etilgan. Lekin biz ularning pulini spektakllardan keyin banketlar tashkil qilishga sarflayapmiz. Ular sarflagan puli natijasini kelib ko‘rganda “shu mo‘jizani yaratishda hissa qo‘shdimmi?” deb qoyil qoladigan ish qilolmayapmiz. Teatrlar, aktyorlarning grimmxonalari ta’mirlanyapti. Hatto tomoshabinni ham chaqirib berishayapti. Yana nima qilsin? Axir bu biz teatr arboblariga uyat emasmi?! To‘g‘ri, davlat pulni ayamayapti, lekin davlat bizga spektakl qo‘yib bermaydi-ku. Ertaga buning javobi bor. Chiroqlar, jihozlar, kostyumlar, kreslolar jahon teatrlarinikidan kam emas. Yana nima qilib beray demaydimi? Mablag‘ni ijodkorlarga sarflash masalasini teatrlarning o‘zi ko‘tarishi kerak-da. Homiylarga shu pullaringga ikkita iste’dodli yoshni xorijga yuborib, rejissyorlikka o‘qitaylik desin, hadeb yubileylar o‘tkazishu, premeradan keyin banketlar tashkil qilishga sarflayvermasdan.

Hozir ko‘plab tarixiy filmlar suratga olinayapti. Siz Abu Ali ibn Sino”, “Beruniy”, “Zebuniso”, “Nodirabegim” kabi buyuk ajdodlarimiz hayoti bilan bog‘liq tarixiy spektakllarni sahnalashtirgansiz. Tarixiy filmlarga qo‘l urayotgan rejissyorlar sizdan maslahat so‘rab turishadimi?

– Hech biri kelib maslahat so‘ramayapti. Tarixiy shaxs haqida film olayotgan rejissyor hech bo‘lmasa o‘sha tarixiy shaxs hayotining 5 foizini o‘rganib chiqishi shart. Avvalo, tarixiy shaxs haqida film oladigan odamning o‘zi shaxs bo‘lishi kerak!

Keksalar, har qanday zamonda ham pirsiz yurma deyishardi, bugungi unutilib borayotgan ustoz-shogirdlik munosabatlari haqida nima deya olasiz?

– San’atda ustoz-shogird an’anasi yolg‘on gap aslida. Bu ko‘proq kasb egalariga xos narsa, ijodkorga emas. Masalan, falonchi aytgan qo‘shiqni topib, shuni yodlab menga aytib ber, deyish ustozlik emas. Sahnada aktyorga o‘zi va rejissyordan boshqa hech kim yordam bera olmaydi. Ustozning ishga bo‘lgan munosabatini, kasbiga sadoqatini, teatrga bo‘lgan hurmatini o‘rganish kerak xolos.

Ijodkor o‘z iztiroblaridan ilhomlangani yaxshimi yoki o‘zganing qalb og‘riqlaridan ilhomlanganimi? Qaysi biridan shoh asarlar yaraladi?

– Gap shundaki rejissyor va umuman ijodkor odam o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Deylik, ba’zi daraxtlarni yurtimizga olib kelib eksak ham vatani muhitini yaratmasak u daraxt o‘smaydi. Yoki dengiz bo‘yidagi odamlarning ovozi chiroyli bo‘ladi, cho‘l odamlarining ovozi esa baland bo‘ladi deyishadi. Lekin sababini hech kim bilmaydi. Bu Allohdan. Qalbiga berilgan san’atni rivojlantirish esa odamning o‘ziga bog‘liq.

Ko‘nikmayu qoliplarga qarshi ijodkorsiz. Ijodingizni kuzatib, rejissyor ma’lum bir janrga ixtisoslashishi lozim degan fikrni yo‘qqa chiqarganingizni ko‘rish mumkin. Masalan, “Diydor”da namoyish etilgan “Arshin mol olon” musiqiy spektaklini tomosha qilib, hech bir orkestrsiz, faqat aktyorlarning vokaliga asoslanib musiqiy spektakl namoyish etish mumkin ekan-da, deb o‘yladim.

– Aslida, xirgoyi qilmagan o‘zbek yo‘q. Xirgoyi shirin narsa-da. Inson borki uning kuyi, rangi, hidi bor. Hammasi insonning o‘zida mujassam. Menga quruq shisha ovozdan shiringina xirgoyi yaxshi. Bizning bolalar xirgoyi qilishadi. Shu ijroning o‘zi yetarli.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining bosh rejissyorisiz. Hozirgi kunda xorijliklarning qiziqishi ortib borayotgan ushbu festivalning o‘ziga xosligini topishda nimalarga e’tibor berasiz?

– “Sharq taronalari” festivalning 50 foiz muvaffaqiyati rejissura, ijodkorlarning mahoratiga bog‘liq bo‘lsa, qolgani Registonning yutug‘i. Masalan, Qohiraning piramidalarida tadbirlar o‘tkazilsa, ular piramidalarni tomoshaga moslashtiradi. Biz esa aksincha, Registonga o‘zimiz moslashamiz. Ashulalar, musiqalarni tanlaganda Registonga munosibini saralashga harakat qilamiz. Registon nafaqat O‘zbekistonning balki butun O‘rta Osiyoning yuzi. Ajdodlarimiz bizga Registonni xazina qilib tashlab ketishgan. Dunyoda bunaqa joy boshqa yo‘q.

Festivallarda erkin ijod qilishga qo‘yib berishadimi yoki ishingizga aralashadiganlar bormi?

– Yo‘q. So‘nggi yillarda hech kim aralashmayapti. Buning uchun davlatimiz rahbari hamda mutassadilardan minnatdorman, bizga katta ishonch bildirishmoqda. Bitta “Sharq taronalari”ning tantanali ochilish marosimida 25-30 ta ashula yetarli bo‘ladi. Lekin tayyorgarlik jarayonida 100-150 ta ashula ustida ishlaymiz. Bu festivalning yaxshi chiqishida rejissura bilan bir qatorda baletmeyster, liboslar bo‘yicha dizaynerlar va barcha ijodkorlaru tashkilotchilarning mehnati beqiyos.

Agar ijodingizni qisqacha ta’riflash mumkin bo‘lsa, uni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?

– Rejissura shunday kasbki, har bir spektaklda shu kasbni qayta himoya qilishga to‘g‘ri keladi. Bitta yaxshi chiqmagan spektakl o‘nta yaxshi ishingizni yuvib ketishi mumkin. Men ishimni eksperiment deyman, har gal qaysi yo‘ldan borsak tomoshabinga ma’qul keladi, deb o‘ylashdan iborat ishimiz.

Aslida “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganingiz uchun tabriklashga kelgandim...

– Rahmat. Bu mukofot uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Qolaversa, men bilan bir davrda ishlagan barcha hamkasblar – aktyorlar, musiqachilar, ashulachilar, xoreograflar, rassomlardan minnatdorman. Bu juda katta mukofot-da, buni oqlash nihoyatda qiyin.

Dilfuza SOBIROVA suhbatlashdi.


6 071
O‘zA