O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Bagʻrikenglik, birodarlik va rahm-shafqat ayyomi muborak!

Bagʻrikenglik, birodarlik va rahm-shafqat ayyomi muborak!

Ramazon hayiti islomdagi eng muqaddas bayramlardan biri boʻlib, bagʻrikenglik, birodarlik va rahm-shafqat ramzi hisoblanadi. Shu boisdan, har bir musulmon olami bu muborak kunni intiqlik bilan kutadi.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida ham bu yilgi Ramazon oyi koronavirus pandemiyasi tufayli oila davrasida, oʻzaro ahillik va hamjihatlikda oʻtgani holda, Ramazon hayiti bayrami ham karantin talablariga muvofiq oʻtkazilishi aytib oʻtilgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020-yil Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi Bayonotida ham bu haqida soʻz yuritilib, hayit kunlari yoshi ulugʻ keksalar va bemorlarni telefon orqali tabriklash tavsiya etilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning Ramazon bayrami arafasida jazo oʻtayotgan, qilmishiga pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan 258 nafar fuqaroni afv etish toʻgʻrisidagi farmoni eʼlon qilindi.

Mazkur insonparvarlik akti – davlatimizning har qanday holatda ham fuqarolar uchun gʻamxoʻrligining yorqin misolidir. Zero, jinoyatga qoʻl urgan, boshi devorga tekkandan soʻng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish – muqaddas dinimizning ham asosiy arkonlaridan biri sanaladi.

Darhaqiqat, muhtojlarga mehr-oqibat, xayr-saxovat koʻrsatish xalqimizga xos ezgu tushunchalar. Ayniqsa, bu savobli amallar muborak mohi Ramazonda yana-da keng quloch yoymoqda. Saxovatli yurtdoshlarimiz bir-birlari holidan xabar olishmoqda, kam taʼminlangan, oʻzgalar yordamiga muhtojlarga har tomonlama koʻmak koʻrsatishmoqda. Bu kabi xayrli ishlarimiz bardavom boʻlsin.

Barchangizga Ramazon hayiti muborak boʻlsin.

Ilhom RAJABOV,
OʻzMTDP Navoiy viloyati Kengashi raisi.

2 903
O'zA