Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 18:07 Chop etish versiyasi

Bag‘rikenglik – ahilligimiz asosi

Samarqand viloyati tuman va shaharlarida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili hamda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Boshqa tadbirlardan farqli ravishda mazkur madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar maxsus hisobga olingan fuqarolarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, oila a’zolari va yaqinlarini ijtimoiy himoyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tayloq yoshlar istirohat bog‘ida tashkil etilgan shunday tadbirda tuman hokimligi, huquq-tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar mustaqillikning mazmun-mohiyati, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Ayrim sabablarga ko‘ra, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, turli oqimlarga qo‘shilib qolgan yurtdoshlarimiz Prezidentimizning bag‘rikengligi, davlatimiz va xalqimizning kechirimliligi tufayli hayotda o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, 30 dan ortiq fuqaroga tumandagi korxona va tashkilotlarga ishga yo‘llanma berildi. Tijorat banklari mutaxassislari tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ajratiladigan imtiyozli mikrokreditlar olish tartibi haqida ma’lumot va zarur tavsiyalar berdi.

“Sog‘lom tanda – sog‘lom aql” shiori ostida bir necha sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda yoshlar faol ishtirok etdi. Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilar “Eng yaxshi sportchi”, “Eng faol yigit”, “Eng faol qiz”, “Eng yaxshi targ‘ibotchi” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha rag‘batlantirildi. Iste’dodli yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

– Bunday tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, ularni turli yot g‘oya va illatlar ta’siridan asrash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Tayloq tuman kengashi raisi M.Ashurov. – Bugungi musobaqalarda ham yigit-qizlar faol ishtirok etib, nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatdi. Eng muhimi, 30 dan ortiq yoshlar shu yerning o‘zida sport to‘garaklariga a’zo bo‘ldi.

Madaniy-ma’rifiy tadbir yakunida samarqandlik san’atkorlar va havaskor yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 033






Все о погоде - Pogoda.uz