O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Bagʻdodda har biri 29 kilolik oshqovoqlar yetishtirilmoqda

Bagʻdodda har biri 29 kilolik oshqovoqlar yetishtirilmoqda

Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanilik Jamoliddin aka Qodirov esini taniganidan buyon bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi.

15 yilcha avval tumanning dasht hududida oʻz ismi bilan ataluvchi fermer xoʻjaligini tashkil qilgan. Tan olish kerak, tosh-shagʻalli yerda biror bir giyohni undirishning oʻzi katta gap: yozning chillasida bilakday suv otliqqayam topilmay qoladi. Lekin bogʻbon erta bahorda oʻz yeridan 80 metrlik quduq qazib, bu muammoga nuqta qoʻydi.

– Bogʻimizda shaftoli, oʻrik, olma kabi xaridorgir mevalarni yetishtiramiz, – deydi Jamoliddin aka. – Shukr, bu yil ham kam boʻlmadik, yetishtirgan hosilimiz bozorning oldi narxlarida sotildi. Anchadan beri suvsizlikdan qiynalardik, bir qancha koʻchatlarimiz nobud ham boʻldi. Lekin “yurgan – daryo, oʻtirgan – boʻyra” ekan, bir yoʻlini qilib, suv chiqarib oldik. Koʻz tegmasin, harakatimizga yarasha baraka oldik bu yil.

Tuman hokimligi axborot xizmatining xabariga koʻra, Jamoliddin akaning oʻgʻli Abdulahad ekin-tikin vaqtida bogʻdagi koʻchatlar ostiga Amerikadan keltirilgan oshqovoq urugʻini sinamoqqa ekib chiqdi. Obi-tobiga yetkazib parvarish qildi. Mana, kecha borib, paykaldan dastlabki hosilni yigʻishtirib keldi. Oshqovoqmisan oshqovoq boʻptida, oʻziyam. Tavakkal bittasini tanlab taroziga qoʻysak, 29 kilodan ortiq tosh bosib turibdiyu!

– Qarasam, har safar koʻchatlarning tagi boʻsh qolib ketyapti, – deya suhbatga qoʻshildi Abdulahad. – Kel, oʻsha yerlarga moshmi-loviyami ekib qoʻyay, harna roʻzgʻorga asqotadi, degan oʻyda urugʻchilik doʻkoniga bordim. Sotuvchi chet eldan keltirilgan oshqovoq urugʻini tavsiya qildi. Soya-salqinga chidamli, ozgina mehr bilan qaralsa, “Abdullajon”dagi (shu nomli badiiy filmni nazarda tutdi, chogʻi) oshqovoqlardanam oʻtib ketadi, deb qoldi. Ishonib-ishonmasdan 200 ta urugʻ ekdim, 150 tasi sogʻlom unib chiqdi. Ishonasizmi, har biri 4-5 tadan “bola tuydi”, har bittasi koʻz oʻngimda kattalashib bordi. Kecha paykalga borsam, ozmunchasi pishib yetilibdi. Ayrimlarini ikki kishilashib koʻtardik.

Jamoliddin aka hozir shundoqqina yoʻl boʻyida oʻzi yetishtirgan tarvuzlarga qoʻshib, ulkan oshqovoqlarni ham sotib oʻtiribdi – kilosi 2 ming soʻmdan.

Jamoliddin aka bir narsani oʻylab qoldi: bunaqa hajmdagi oshqovoq bitta roʻzgʻor uchun kattalik qiladi, saqlash ham muammo. Shunga sharbat ishlab chiqaruvchi firmalar bilan shartnoma tuzib olsa, kelasi yildan kengroq maydonda yetishtirsa, qalay boʻlarkin? Ja-a yaxshi boʻladida! Oʻgʻli Abdulahad shu maqsadda kelgusi yil uchun deb 30 sotix yer ajratib qoʻydi. Qolaversa, bogʻ hududini aylantirib ekadi, daraxtlar tagiga ekadi, egatlarga ekadi... Xullas, keyingi yil uchun bogʻbonning yangi rejalari bor.

1 351
M.SULAYMONOV, OʻzA