O‘zA O`zbek

01.08.2018 16:36 Chop etish versiyasi

Bag‘dod tumani sektor rahbarlari nega o‘z vazifasidan ozod qilindi?

Ertangi hosil salmog‘i ko‘p jihatdan agrotexnik tadbirlarni vaqtida va sifatli o‘tkazishga bog‘liq. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida ham “Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu yil yurtimizda ob-havo ancha quruq keldi. Suv ta’minotida sezilarli taqchillik ko‘zga tashlanmoqda. Oqibatda asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarishi murakkab kechmoqda. Misol uchun, ayrim joylarda g‘o‘za rivoji 15-20 kunga kechikmoqda. Shunga qaramasdan, mo‘ljaldagi hosilni to‘plash uchun imkoniyat mavjud. Barchasi bugun qilinadigan harakatga bog‘liq. Bunda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilda Farg‘ona viloyatida 84 ming 680 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Ayni kunlarda maydonlarga ishlov berish, g‘o‘zani oziqlantirish va begona o‘tlardan tozalash, chilpish ishlari davom etmoqda. Barcha hududlarda sug‘orish va kultivatsiya tadbirlarini yuqori sifat va uyushqoqlik bilan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarga 1 ming 900 dan ortiq kultivator jalb etilgan.

Viloyatda g‘alladan bo‘shagan 100 ming gektar maydonga takroriy ekin ekish ishlari yakunlanmoqda. Albatta, belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, g‘o‘zani chanqatmay, qator oralariga ishlov berish, kultivatorlardan samarali foydalanishga hamma joyda ham bir xil e’tibor berilayapti, deb bo‘lmaydi. Ba’zi tumanlarda sektor rahbarlari agrotexnik tadbirlarga yuzaki munosabatda bo‘lmoqda. Ayrim hududlarda paxta maydonlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, suvdan samarasiz foydalanilayotgani hosil taqdirini yo‘qqa chiqarmoqda.

Prezidentimiz raisligida 2018 yil 31 iyul kuni g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlar keskin tanqid qilindi. Qishloq xo‘jaligidagi vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Bag‘dod tumanidagi to‘rtala sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq berilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Xo‘sh, tumanda nima uchun bunday holatga yo‘l qo‘yildi? Bag‘dod tumanida joriy yilda 5 ming 600 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Tumanda paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan 281 fermer xo‘jaligi tomonidan agrotexnik tadbirlar yetarli darajada bajarilmadi. Afsuski, tuman hokimi S.Zokirov va boshqa sektor rahbarlari o‘z hududlaridagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan. Natijada agrar sohada kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa va tadbirlar nomigagina amalga oshirilgan. Shuning uchun g‘o‘za rivoji orqada qolmoqda, tumanda tashkil etilgan 10 ta “Mexanizatorlar uyi”da yetarli sharoit yaratilmagan.

Tumanda g‘o‘zaning qariyb 3 ming gektar maydoni Markaziy Farg‘ona hududida joylashgani agrotexnik tadbirlarni yanada kuchaytirishni talab etadi. Afsuski, sektor rahbarlari bunga beparvo qaragan, paxta rivojini o‘z holiga tashlab qo‘ygan.

Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar natijasi ana shunday noxush holatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Suvdan samarali foydalanilmayapti, ba’zi maydonlarda g‘o‘za chanqab yotibdi, bu esa hosil yo‘qotilishiga olib kelmoqda. Hosil kushandasi bo‘lgan zararkunandalarga qarshi kurashishga ham e’tiborsizlik qilingan. Vegetatsiya davri qizg‘in pallaga kirganda hosilni asrab qolish, mehnat, bilim hamda izlanish bilan uning miqdorini oshirish muhim vazifa hisoblanadi. Tumanda esa bu ishlarga beparvolik bilan munosabatda bo‘lingan.

Tumandagi sektor rahbarlari ana shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun o‘z vazifasidan ozod qilindi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 572