O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 17:50 Chop etish versiyasi

“Baby Plaza” – xususiy maktab

“Baby Plaza” – xususiy maktab Namangan shahrida “Baby Plaza” xususiy umumiy oʻrta taʼlim maktabi ish boshladi.

Taʼlim muassasasining ochilishiga bagʻishlangan tadbirda shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xalq taʼlimi muassasalari masʼul xodimlari, ota-onalar, faxriylar va oʻquvchilar ishtirok etdi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti, kelajagini belgilovchi omillardan biri sifatida oʻsib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, taʼlim tizimini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

– Har qanday davlat va jamiyat ravnaqi xalqning intellektual salohiyati bilan bogʻliq ekanini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda, – deydiNamangan shahar hokimi Sh.Abdurazzoqov. –Biz buyuk ajdodlarimizdan meros intellektual salohiyatga ega avlodlarmiz. Farzandlarimizda ana shu isteʼdodni toʻgʻri tarbiyalab, roʻyobga chiqarishda xalq taʼlimi tizimi hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shu nuqtai nazardan, bugun Prezidentimiz tomonidan sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻqituvchi va tarbiyachilarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taʼlim sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, sohada xususiy sektorga keng oʻrin berilayotgani ham taʼlim tizimini jahon andozalari darajasida rivojlantirish yoʻlidagi istiqbolli islohotlar samarasidir.

1.jpg

Bu borada yaratilgan keng imkoniyatlar “Javohir Madinabonu Dilshodbek” MCHJ taʼsischiligida tashkil etilgan “Baby Plaza” xususiy umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham oʻz ifodasini topdi.

Shaharning markaziy koʻchalaridan biri – Bobur shohkoʻchasida qad rostlagan uch qavatli koʻrkam maktab binosini qurish va jihozlash uchun muassis tomonidan 200 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya yoʻnaltirildi. 100 nafar oʻquvchiga moʻljallangan maktabda 1, 2 va 3-sinf oʻquvchilariga davlat taʼlim standartlari hamda eng zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida bilim berish uchun barcha sharoit yaratildi. Har bir sinf xonasi 14 oʻquvchiga moʻljallangan yakka tartibdagi stol-stullar, elektron doska va boshqa oʻquv-koʻrgazmali vositalar bilan taʼminlangan. Kutubxona oʻqituvchi va oʻquvchilar bilimini yanada boyitishga xizmat qiladigan kitoblar, moʻʼjaz oʻquv zaliga ega. Oʻquvchilarning salomatligi shifokorlar nazoratida. Bu yerda tashkil etilgan tibbiyot xonasi birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur vositalar bilan jihozlangan. Sanitariya-gigiyena xonalariga ham kichkintoylarga mos zamonaviy santexnika tizimi oʻrnatilib, sovuq va issiq suvning uzluksizligi taʼminlangan. Oʻquvchilarga ikki mahal darmondorilarga boy mahsulotlardan tayyorlangan issiq ovqat beriladi.

Bundan tashqari, maktab hovlisidagi moʻʼjaz sport maydoni, bino ichidagi sport zalida oʻgʻil-qizlar badiiy gimnastika, erkin kurash, shaxmat-shashka, voleybol, basketbol bilan shugʻullanishi, raqs, rassomchilik sanʼati boʻyicha qobiliyatini oʻstirishi mumkin. Hovlida tashkil qilingan yoʻl harakati xavfsizligi maydonchasida svetofor, yoʻl belgilari maketlari yordamida kichkintoylar yoʻl qoidalarini amaliy ravishda oʻrganadi.

– Taʼlim rus tilida olib boriladi, – deydi maktab direktori M.Xoʻjayeva. – Birinchi oʻquv yilida maktabga 75 nafar oʻquvchi qabul qilindi, ularga qatʼiy tanlov asosida ishga qabul qilingan 7 nafar oliy toifali pedagog mashgʻulot oʻtadi.

Tadbir mehmonlarini jajji bolajonlar oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi sheʼr va qoʻshiqlar, quvnoq raqslardan tuzilgan konsert dasturi bilan xushnud etdi.

– Ushbu maktab viloyatdagi xususiy umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oltinchisi, – deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rahbari M.Esonboyev. –Mavjudxususiy maktablarda ayni kunda 1100 nafardan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Yangi oʻquv yilidan ular safiga yana 490 nafar 1-sinf oʻquvchisi qoʻshiladi. Shuningdek, joriy yilning oʻzida har bir tumanda bittadan xususiy maktab tashkil qilish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA