O‘zA O`zbek

12.06.2019 16:49 Chop etish versiyasi

Ba’zan ayollar homiladorlik davrining ancha kechikkan paytida shifokorga murojaat qiladi

Ba’zan ayollar homiladorlik davrining ancha kechikkan paytida shifokorga murojaat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida “Sog‘lom ayol oyligi“ doirasida anjuman tashkil etildi.

Unga tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinikalar, sog‘lomlashtirish maskanlari mutaxassislari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova mamlakatimizda ayollar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Yurtimizda millat genofondini yanada sog‘lomlashtirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hayotga tizimli joriy etilmoqda. Ayni paytda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, sog‘lom farzandni dunyoga keltirish, kamolga yetkazish borasidagi ezgu qadriyatlarni e’zozlash, bu yo‘nalishdagi tibbiy xizmat sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

“Sog‘lom ayol oyligi“ doirasidagi ijtimoiy-sog‘lomlashtirish aksiyasida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada oshdi. Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir amaliy mexanizm salomatlik maktabi, ayollar maslahatxonasi, perinatal-skrining markazlari, tug‘ruq komplekslari, qizlar salomatligi markazlarida izchil amalga oshirilmoqda. 

– Ba’zan ayollar homiladorlik davrining ancha kechikkan paytida shifokorga murojaat qiladi, – dedi Toshkent shahar Yashnobod tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Muattarxon Abdullaeva. – Biz homilador ayollarni to‘laqonli tibbiy nazorat bilan o‘z vaqtida qamrab olish, ularning nazoratda bo‘lishini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Bu jarayonda ko‘p tarmoqli poliklinikalarda perinatal-skrining xonalari tashkil etilgani qo‘l kelayapti.

– Mazkur oylikning o‘ziga xos jihati ayollarni sog‘lom homiladorlik va sog‘lom tug‘ruq jarayoniga tayyorlash, – dedi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Zulfiya Abdullaeva. – Aniqlangan kasalliklarni davolashga oid rejalar tuzish, shifo maskanlariga yo‘naltirishga jiddiy e’tibor qaratayapmiz.

Anjumanda aholi salomatligi, onalik va bolalik tibbiy-ijtimoiy muhofazasi yo‘lida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

N.USMONOVA, O‘zA
568