Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

30.08.2018 11:35 Chop etish versiyasi

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Bayramlar dillarimizga quvonch bagʻishlashi bilan birga umrimizni, oʻtayotgan kunlarimizni sarhisob qilishga ham undaydi...

Qurbon hayitining shukuhi hali qalblarimizni tark etib ulgurmasdan yana bir bayram – istiqlolimizning 27 yillik bayrami eshik qoqmoqda. Bayramlar dillarimizga quvonch bagʻishlashi bilan birga umrimizni, oʻtayotgan kunlarimizni sarhisob qilishga ham undaydi.

“Moziyga qarab ish koʻrmoq xayrlidir”, deb yozgan edi ulugʻ adibimiz. Keling, bayram oldidan har sohada boʻlgani kabi sanʼatimiz rivoji yoʻlida bir yil davomida qilingan ishlarni yodga olaylik. Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam yaʼni 2017-yil 3-avgust kuni Prezidentimiz mamlakatimiz ijod ahli bilan uchrashgan edilar. Kunlar, oylar, oqar suvdek oʻtib bormoqda. Xoʻsh, bir yil ichida aytarli qanday oʻzgarishlar boʻldi?

Eng avvalo, soha vakillari, sanʼat ahli mazkur uchrashuvdan juda ruhlanib ketdi. Qaysiki, sohaga eʼtibor boʻlsa, u joyda albatta oʻsish, rivojlanish boʻlishi tabiiy ekanligi bugun oʻz isbotini topmoqda.

Oʻsha tarixiy uchrashuvda Prezidentimiz xonanda, sozanda, bastakorlar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, rassomlar bilan dildan suhbat qurdi. Yigʻilib qolgan muammo va kamchiliklarni ular bilan birgalikda muhokama qildi.

Ayniqsa, “Doʻstlik klubi“ni tashkil etilishi sanʼat ahliga qanot boʻldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Yirik korxona, bank va kompaniyalar oʻz mablagʻlarini maʼnaviyat rivojiga yoʻnaltirishi yurt kelajagini oʻylab qilingan oqilona siyosat ekanini bugun koʻpchilik eʼtirof etmoqda.

“Doʻstlik klubi“ning bir yil davomida amalga oshirgan ishlarini bir sanab oʻtaylik. Buning uchun manbalarga murojaat qilaman. Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan hamkordir. Bank hozirda teatr jamoasining har ishiga koʻmaklashmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatriga “Malibu” avtomashinasini taqdim etdi.

Shuningdek, Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan “Ikki dil dostoni” baletini sahnalashtirish uchun taklif etilgan baletmeyster Azariy Pliseskiyga 60 million soʻm gonorar homiy tashkilot tomonidan toʻlab berildi. Spektakl uchun Moskvadan 70 million soʻmlik balet liboslari xarid qilindi. Umumiy hisobda spektakl uchun homiy tomonidan 168 million soʻm mablagʻ ajratildi. Teatrning badiiy ishlab chiqarish sexlari uchun ajratilgan “Ipak Sharq” AKga qarashli korpusni taʼmirlash va texnik vositalar bilan jihozlash uchun 2,5 milliard soʻm mablagʻ teatr hisob raqamiga oʻtkazildi.

“Diydor” rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi davlat muassasasiga “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki homiy tashkilot sifatida jami 400 million soʻm mablagʻ ajratdi.

“Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatriga, “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banki “Tomosha” bolalar teatr-studiyasiga zarur homiylik yordamini koʻrsatmoqda.

Bugun bunday xayrli ishlarning sanogʻi yoʻqdek, goʻyo.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tomonidan ham bayram oldidan bir qancha xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunday tadbirlardan biri yaqinda “Aziz va yagonasan, jonajon Oʻzbekistonim” shoiri ostida Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi hamda Oʻzbek Milliy akademik drama teatri hamkorligida oʻtkazildi.

“Shukrona”, deb nomlangan tadbirga nuroniy otaxonlarimiz va aziz onaxonlarimiz taklif etildi.

Konsertda sanʼatkorlar Ikromjon Boʻronov, Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev, Oʻzbekiston xalq hofizlari Beknazar Doʻstmurodov, Nabijon Ibrohimov, Soyib Niyozov, Erkin Roʻzmatov Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Yunus Toʻrayev, Ilhom Joʻrayev hamda Sanobar Rahmonova, Ahmadjon Dadayev, Kozim Qayumov, Baxtiyor Toʻlaganovlar ishtirok etdi.

Ushbu konsert ulugʻ bayramimiz, istiqlolimizning 27 yilligi oldidan yurtdoshlarimizga ajoyib munosib tuhfa boʻldi.

Shuningdek, qalblarimizni hayajonga solib turgan tadbirlardan biri Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumanidir. Ilk bora oʻtkazilayotgan anjumanga dunyoning koʻplab mamlakatlaridan mehmonlar kelishi koʻzda tutilgan. Bu borada juda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Yanada koʻnglimizni koʻtarib, chin dildan mehnat qilishga ishtiyoqimizni oshirgan qarorlardan yana biri Prezidentimizning 2018-yil 14-maydagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida“gi qaroridir.

Unga koʻra, Oʻzbekiston davlat sirki, hayvonot bogʻlari, Madaniyat vazirligining koʻzi ojizlar kutubxonalari hamda davlat arxivlari xodimlarining alohida toifalariga teatr-konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun belgilangan miqdorlarda har oyda taqdirlash mablagʻi toʻlanishi belgilandi.

Biz yil davomida sanʼat sohasida amalga oshirilgan ishlarni bir qisminigina sanab oʻtdik. Zero, bu ishlar davom etayotir. Bugun nafaqat sanʼat ahli balki butun xalqimiz chin dilda, oʻz kasbiga sadoqat bilan mehnat qilmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Soʻzimiz avvalida aytib oʻtaganimizdek, maʼnaviyatga alohida eʼtibor berilgan joyda rivojlanish boʻlishi tabiiy. 

Shuhrat Normurodov,
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi
Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish katta ilmiy xodimi

OʻzA
7 364