O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

03.09.2018 18:51 Chop etish versiyasi

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

SHAHARDAN QOLISHMAYDIGAN QISHLOQLAR

IMG_20180903_190141_822.jpg

Yurtimizning chekka qishloq va ovullari infratuzilmasini tubdan yaxshilashga qaratilayotgan eʼtibor, ayniqsa, “Obod qishloq” dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar joylarda aholining hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun zamonaviy sharoit yaratish bilan birga, ularda ertangi kunga ishonch tuygʻusini yuksaltirmoqda.

IMG_20180903_191234_453.jpg

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda “Obod qishloq” dasturi asosida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Malikobod va Xatirchi tumani Xoʻjaqoʻrgʻon qishloqlaridagi umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim muassasalari, oilaviy poliklinika va boshqa ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirildi.

IMG_20180903_191236_265.jpg

Chindan ham bu yilgi eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini Malikobod qishlogʻi ahli har yilgidan oʻzgacha ruhda kutib oldi. Qishloqda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar hududda yashovchi 2 ming 250 dan ortiq aholiga bir olam quvonch bagʻishlab, qalblarini gʻurur-iftixorga toʻldirdi.

Chunonchi, “Obod qishloq” dasturi doirasida 10,5 kilometr ichimlik suvi, 10,6 kilometr tabiiy gaz, qariyb 11 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 10 kilometr ichki yoʻllar va shuncha masofada piyodalar yoʻlagi barpo etilgani qishloq qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi. Yangidan qad rostlagan mahalla guzari, maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, futbol stadioni, bolalar maydonchasi qishloq ahlining, ayniqsa, kelajagimiz egalarining uzoq yillik orzularini roʻyobga chiqardi.

Savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, ishlab chiqarishga moʻljallangan loyihalar ishga tushirilishi esa 180 ga yaqin odamning bandligini taʼminladi. 138 nafar fuqaroga tadbirkorlikni boshlashi uchun 1 milliard 159 million soʻmlik kredit mablagʻi ajratilgani hudud ahli turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qoʻyilgan yana bir dadil qadam boʻldi.

Qariyb 21 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan Malikobodni obod etishda saxovatpesha yurtdoshlarimiz ham faol ishtirok etdi. Eng muhimi, bu yil malikobodliklar istiqlol bayramini oʻzlari orzu qilganidek goʻzal va obod qishloqda nishonladi.

– Ikki nevaram bundan buyon bogʻchada tarbiya olish imkoniyatiga ega boʻlganidan juda xursandman, – deydi shu qishloqda yashovchi N.Yarasheva. – Avvallari bu ushalmas orzu edi. Hududimizni obod qilgan va ezgu niyatlarimizni amalga oshirishga koʻmaklashgan barcha insonlarga, birinchi navbatda, shunday olijanob ishning boshida turgan davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Aholi sogʻligʻi qishloq vrachlik punktining 13 nafar xodimi tomonidan nazorat qilinadi. “Malikobod issiq non” MCHJ esa 10 turdagi non va non mahsulotlari bilan taʼminlaydi. Korxonada bir kunda olti ming dona non yopilmoqda. Zamonaviy qiyofa kasb etgan va barcha sharoit yaratilgan mahalla guzari, kutubxona, tikuv sexi faoliyatidan ham odamlar mamnun.

– Tikuvchilik bilan koʻp vaqt uyda shugʻullandim, – deydi yosh tadbirkor S.Ziyotdinova. – Sex tashkil etish uchun “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida 15 million soʻm bank krediti ajratilgach, bizga berilgan binoda jihozlar oʻrnatib, 6 nafar tengdoshimni ish bilan taʼminladim.

Xatirchi tumanidagi Xoʻjaqoʻrgʻon qishlogʻida 2,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududning yangicha koʻrinish olib, obodlashtirilgani munosabati bilan tashkil etilgan tantanalarda ishtirok etgan har bir inson shahar bilan qishloq oʻrtasidagi tafovut barham topganiga oʻzlari guvoh ekanini taʼkidlaydi.

Dastur doirasida qishloqdagi maktab rekonstruksiya qilindi, mahalla guzari, 60 oʻringa moʻljallangan MTM, hammom bunyod etildi.

– Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida aholining kelajakka ishonchi yuksalib, hayotga munosabati tubdan oʻzgardi, – deydi qishloq keksalaridan A.Rashidov. – Bugun ularning chaqnoq koʻzlariga boqsangiz, shukronalik, daxldorlik tuygʻusi aks etganini koʻrasiz. Qishloq koʻchalari boʻylab sayr qilar ekansiz, atrofdagi orastaligu goʻzallikdan, ravon yoʻl va yoʻlaklar, muhtasham va koʻrkam binolar yashashga ishtiyoqingizni oshiradi. Shunday obod manzillar barpo etib, odamlarni hayotdan rozi qilish yoʻlida yelib-yugurayotgan barcha insonlardan minnatdormiz.

Qishloqda bandlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, 200 ta issiqxona tashkil etish va 150 ta tikuv mashinasi xarid qilishda tashabbuskor aholiga amaliy va moddiy yordam koʻrsatildi. “Yoshlar mehnat guzari” majmuasida 20 nafar yigit-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Ular bu yerda savdo, tikuvchilik, sartaroshlik, novvoylik bilan band.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan har ikki qishloqda oʻtkazilgan tantanalarda konsert dasturi namoyish etildi, qurilish va taʼmirlash ishlarida faol qatnashgan ishchi-mutaxassislarning bir guruhiga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tantanalarda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov soʻzga chiqdi.

Nuriddin RAHIMOV, Siroj Aslonov (surat), OʻzA