O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Aziz Abduhakimov: “Marafondan tushgan mablagʻ autizmdan aziyat chekuvchi bolalar uchun badiiy studiya ochishga yoʻnaltiriladi”

Aziz Abduhakimov: “Marafondan tushgan mablagʻ autizmdan aziyat chekuvchi bolalar uchun badiiy studiya ochishga yoʻnaltiriladi”

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi, “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya marafoni tashkiliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarqand yarim marafonining tashkiliy masalalariga bagʻishlangan onlayn yigʻilish oʻtkazdi.

Unda viloyatlar hokimlari oʻrinbosarlari, Moliya vazirligi, TIV va IIV, FVV, Transport vazirligi va Milliy gvardiya rahbarlari oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Samarqand yarim marafonini oʻtkazish bilan bogʻliq qator masalalar muhokamasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Aziz Abduhakimov bu yil yarim marafon virtual formatda oʻtishi, Samarqandda esa turli mamlakatlarning professional atletlari gʻoliblik uchun kurash olib borishini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, poyga toʻgʻridan-toʻgʻri efirda uzatiladi. Musobaqa viloyatlar oʻrtasida oʻtkazilib, ishtirokchilar oʻz hududi birinchi oʻrinni egallashi uchun eng katta masofani bosib oʻtishi zarur. Ilk marta yarim marafon ishtirokchilarga ikki qoʻshimcha format taqdim etiladi, yaʼni bolalar poygasi va Skandinaviyacha yurishdir.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi axborot xizmati xabariga koʻra, bu yilgi yarim marafonda Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sevara Nazarxon, gimnastikachi, Olimpiya oʻyinlari sovrindori Oksana Chusovitina, bokschi, 2016-yilgi Olimpiya oʻyinlarining kumush medal sovrindori Shahram Gʻiyosov, futbolchi, Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, ogʻir atletikachi, Osiyo va jahon chempioni, 2016-yilgi Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Ruslan Nuriddinov, shuningdek, bloger va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev, bloger va Alter Ego kanali muallifi Kirill Altmanva boshqalar ishtiroki kutilmoqda.

“Samarkand Half Marathon” ni oʻtkazishdan tushgan barcha mablagʻlar Oʻzbekistondagi autizmdan aziyat chekuvchi bolalar internatlaridan birida badiiy studiya ochishga yoʻnaltiriladi. Marafon odamlarga autizmdan aziyat chekuvchi kishilar dunyosi naqadar rang-barangligi va bunga eʼtibor qaratish qanchalik muhim ekanini anglashda yordam beradi.

Shu oʻrinda yaqinda butun respublikamiz boʻylab “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya poygasi registratsiyasi ochilishiga bagʻishlangan #moviynurtarat aksiyasi boʻlib oʻtganini alohida taʼkidlash zarur.

Unda shaharlardagi yirik inshootlar va meʼmoriy obidalar autizmdan aziyat chekuvchi kishilarga hayrixohlik belgisi sifatida hamda ularning ijtimoiy muhitga integratsiyalashuvida duch keluvchi muammolariga eʼtiborni qaratish maqsadida moviy rangda nur taratdi.

Maʼlumot oʻrnida, “Samarkand Half Marathon” – Madaniyat va sanʼat jamgʻarmasi tomonidan Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida har yili oʻtkaziluvchi xayriya poygasi hisoblanadi.

Xayriya poygasiga 1-noyabr kuni start beriladi. Unda butun dunyo mamlakatlari fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

778
O'zA