O‘zA O`zbek

13.12.2017 18:23 Chop etish versiyasi

Ayollarning ijtimoiy faolligi talab darajasidami?

Ijtimoiy-siyosiy faol ayol deganda ko‘pchilik tasavvurida odatda rahbarlik kursisida o‘tirgan xotin-qiz gavdalanadi. Aslida mahalla-ko‘ydan xabardor, yurtga daxdorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan, bilimli, kasb-hunari bilan elga nafi tegayotgan, farzandlari tarbiyali, oilasi mustahkam opa-singillarimiz ham ijtimoiy-siyosiy faoldir. Bundaylarning hayot tajribasi, ibrati jamiyatdagi ba’zi muammolarni oldini olishda qo‘l keladi. Muhim qarorlar, qonun loyihalarini ishlab chiqishda ham ularning ishtiroki zarur. Bunga erishishning samarali yo‘llaridan biri bu – siyosiy partiyalar tashabbuskor va faol ayollarni o‘z qanotiga olishi lozim.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi tashabbusi bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida "Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish – davr talabi" mavzuida tashkil etilgan seminarda bu fikr alohida ta’kidlandi.

Xalq ta’lim vazirligi qoshidagi multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi imkoniyatlaridan foydalanib tadbirning onlayn o‘tkazilganligi partiyaning hududlardagi kengashlari vakillarining ham ishtirokini ta’minladi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Misol uchun, partiyaning «Ayollar qanoti» kengashi tashabbusi bilan an’anaviy o‘tkazilayotgan «Yilning eng faol adolatchi ayoli» ko‘rik-tanlovi yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda ayollar ishtirokini kuchaytirmoqda. Bugungi kunda partiya a’zolarining 50 foizga yaqini xotin-qizlardir.

O‘quv-seminarda partiyaning «Ayollar qanoti» kengashi raisi Z.Botirova, Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi xodimi F.Akromova, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi eksperti J.Shermuhamedova, Adliya vazirligi qoshidagi yuristlar malakasini oshirish markazi o‘qituvchisi G.Inomjonova, Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ul xodimi N.Muhiddinova va boshqalar seminar mavzuiga tegishli masalalar bo‘yicha ma’ruza qildi.

Mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirish, ularning davlat boshqaruvi, muhim qarorlarni qabul qilishdagi faol ishtirokini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan davlat siyosatiga qaramay, amalda bu boradagi ishlar maqtanarli emas. Misol uchun, milliy saylov qonunchiligimizda siyosiy partiyalar tomonidan hokimiyat vakillik organlariga saylovlarda deputatlikka nomzodlarini ko‘rsatishda 30 foizlik kvota belgilangan. Afsuski, ko‘p hollarda ajratilgan o‘rinlar to‘layotgani yo‘q. Yana bir masala ayollarning huquq va manfaatlarini yanada mustahkamlash bilan bog‘liqdir.

Ma’ruzalardan so‘ng shu kabi masalalarda bahs-munozara qizidi.

Seminarda «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ham muhokama etilib, uni takomillashtirish yuzasidan olima ayollarning takliflari tinglandi.

Malohat Husanova, O‘zA
6 254