Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.07.2018 19:01 Chop etish versiyasi

Ayollarimiz ixtirolari xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi

Professor Karima Norqulovaning “Bolg‘achali tegirmon” nomli modeli oziq-ovqat sanoati yo‘nalishi bo‘yicha “Grand Prize”ni qo‘lga kiritdi.

Joriy yil 28 iyun – 3 iyul kunlari Janubiy Koreyada “Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi – KIWIE-2018” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ko‘rgazma har yili ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va ixtirolarini namoyish etish hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilib kelinadi.

Bu yilgi ko‘rgazmada 30 dan ziyod davlatdan 520 ga yaqin ixtirochi xotin-qizlar texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlaridagi yutuqlari, innovatsion ishlanmalari bilan qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar ko‘mitasi tashabbusi va ko‘magi bilan mamlakatimizning olima ayollari bu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etdi va ularning ilm-fandagi yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

Professor Karima Norqulovaning “Bolg‘achali tegirmon” nomli modeli oziq-ovqat sanoati yo‘nalishi bo‘yicha “Grand Prize”ni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, olimaning “Quritish qurilmasi” va “Tugunaklarni quritish usuli” ixtirosi kumush medalga munosib topildi.

Yana bir tadqiqotchimiz – doktor PhD Malohat Ilhomovaning “Bolalar poyabzali uchun profilaktik ich patak” modeli, “Elektr o‘tkazuvchan poyabzal” ixtirosi uchun kumush, “Qiz bolalar uchun tufli” sanoat namunasi uchun bronza medali taqdim etildi.

Professor Paraxat Matyaqubovaning “Sochiluvchan moddalarning issiqlik-nam o‘lchagichi” ixtirosi esa kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 371