O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 18:34 Chop etish versiyasi

Ayollar uchun “Ishonch telefon”lari ishga tushdi

Ayollar uchun “Ishonch telefon”lari ishga tushdi
Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayollar uchun “Ishonch telefon”larini ishga tushirdi.

Ayollarga nisbatan zoʻravonlik muammosi har qanday jamiyat uchun inson huquqini poymol qilish bilan bogʻliq boʻlgan juda jiddiy muammo sanaladi.

Odatda bizda ayollar bunday holatga duch kelgan taqdirda, hatto yaqinlariga ham aytishmaydi, qoʻrqishadi yoki istihola qilishadi. Shularni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi “1146” – yagona telefon raqamlarini ishga tushirdi.

“Ishonch telefon”lari zoʻravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlarimizga ogʻir vaziyatdan chiqishlariga yordam berib, ruhiy, huquqiy hamda tibbiy koʻmak berish maqsadida tashkil etilgan. Bunda ayolning xohishiga koʻra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanadi.

Zarur hollarda, jabrdiyda ayollar respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan Ijtimoiy moslashuv markazlariga (shelterlarga) joylashtiriladi. Aytish joizki, boshlangʻich bosqichda “Ishonch telefonlari” test rejimida ishlaydi.

Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, butun dunyoda har uchinchi ayol (35%) hayoti davomida u yoki bu turdagi zoʻravonlikka duch kelar ekan. Bu butun jahonda mavjud boʻlgan oʻta dolzarb muammoligini isbotlovchi statistik maʼlumotlardir.

Xotin-qizlar qoʻmitasi 
matbuot xizmati

OʻzA