O‘zA O`zbek

08.02.2018 15:51 Chop etish versiyasi

Ayol jinoyatga qo‘l urdi

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida yashovchi Muhayyo Mamurovaga avval ham jinoyat sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Ammo u xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi, yillar davomida mehridan, e’tiboridan bebahra bo‘lgan 5 farzandi diydoridan o‘zini yana benasib qildi.

2017-yilning yanvar oyida dastlabki tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan “Ulug‘bek” va “Maqsud” ismli Tojikiston Respublikasida yashovchi tanishlari bilan til biriktirib, 1 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasini O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan noqonuniy olib o‘tishni rejalashtirdilar.

Telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng sheriklari 3 ming AQSh dollariga baholangan ushbu giyohvandlik moddasini Bag‘dod tumanining Do‘rmoncha qishlog‘iga olib kelib berishdi. Maxsus belgi ostida og‘uni yerga ko‘mib qo‘ydilar. Ikki kundan so‘ng ushbu modda uchun 1300 dollar olib, qolgan qismini keyin berishga kelishishdi.

M.Mamurova giyohvandlik moddasini yashash xonadonida saqlab, fevral oyida uning 59,92 grammini qo‘qonlik N.Tursunovaga 3 million 500 ming so‘mga sotadi. 939,75 gramm qismini noma’lum kimsalarga yetkazib berib, daromadga ega bo‘ladi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida xonadonidan qora rangli sellofan paketga o‘ralgan 0,33 gramm og‘u daliliy ashyo sifatida olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan M.Mamurova o‘ta xavfli retsidivist deb topildi va unga 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
7 820