O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Aydarxan: “Yaratilgan libosga mos aksessuarlarni ham qoʻlda yaratamiz”

Aydarxan: “Yaratilgan libosga mos aksessuarlarni ham qoʻlda yaratamiz”

Buyuk hakim Abu Ali ibn Sino insonning feʼl-atvori uning kiyinishida ham aks etishini xulosa qilgan. Demak, didu farosat bilan kiyinish yuksak odob belgisi sanaladi. Bugungi namoyishga qoʻyilgan turli liboslarni kuzatib, moda bilimdonlari ana shu jihatlarni eʼtiborga olganidan quvondik. Zero, xorijiy liboslarni bezashda qoʻllangan milliy matolarimiz oʻz jozibasi va koʻrki bilan alohida ajralib turibdi.

Ayni vaqtda Qoʻqon shahrida oʻtayotgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida xorijiy va oʻzbekistonlik dizayner-hunarmandlar ishtirokidagi “Kokand fashion” moda haftaligi ochildi.

Unda Oʻzbekistonlik hunarmand-dizaynerlar bilan bir qatorda dunyo podumlarini zabt etgan yigirmadan ortiq xorijlik dizaynerlar ham ishtirok etmoqda. Qozogʻiston, Polsha, Malayziya, Gollandiya, Hindiston vakillari shular sirasidandir.

Ayni vaqtda xorijlik va oʻzbek dizayner hunarmandlari ishtirokida modalar namoyishi boshlandi. Ularning har biri modalar olamida oʻziga xos mavqeyiga ega.

Misol uchun, Qozogʻistonlik dizayner Yevropa davlatlarida Aspara brendi bilan tanilgan Aydarxan Kaliyevning yaqinda "Berlin Fashion Week “ koʻrgazmasida ishtirok etib, moda shinavandalarini hayratga solgan edi. Hozirga qadar Italiya, Gollandiya, Germaniya, Serbiya, Xitoy kabi davlatdagi moda ixlosmandlari tahsiniga sazavor boʻlgan liboslar kolleksiyasi endi Qoʻqonda namoyish etildi.

– Osiyo dizaynerlarini Yevropaga tanilishini istayman, – deydi Aydarxan Kaliyev. – Dunyo Oʻzbekistondagi bu festival haqida albatta, biladi, eshitadi. “Peri Taras” deya nomlagan kolleksiyamda 12 dona milliy liboslarni fantaziyalarim asosida boyitilgan holda koʻrdingiz. Ajoyib jihati biz nafaqat dizayner, balki hunarmand ham hisoblanamiz. Chunki har bir libosni tikish va fason yaratishdan tashqari, ularga mos bezaklar va aksessuarlarni ham oʻz qoʻlimiz bilan yaratamiz.

“Kokand fashion”ning birinchi kunida 16 nafar dizayner Qoʻqon xalqi va mehmonlarga oʻz kolleksiyasini namoyish etdi. Juda chiroyli shou tarzida oʻtayotgan oqshom festival ishtirokchilarining yodida uzoq yillar saqlanishi, shubhasiz.

Modalar haftaligini ochilishida Qoʻqon shahar hokimi M.Usmonov soʻzga chiqdi.

1 037
Sayyora SHOYEVA, Muqimjon QODIROV, OʻzA