O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

“Avvalo o‘z tilginangning xizmatin qil quldayin”

“Avvalo o‘z tilginangning xizmatin qil quldayin”

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qarori e’lon qilingani yuragimda ajib bir shodumonlik tuyg‘usini uyg‘otgan bo‘lsa, millatparvar zamondoshlarimizning vaqtli matbuot sahifalarida ona tilimizning jahondagi mavqeini ko‘tarish borasidagi chiqishlari bu boradagi fikrlarimni yanada teranlashtirdi. Ayniqsa, Evril Turonning “Millat til bilan tirik” maqolasi qalbim qa’ridagi chorak asrlik alamlarimni qo‘zg‘ab, qo‘limga qalam tutdi. Maqoladagi “Kim o‘zbek tiliga qarshi borsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri uni millat dushmani, Vatan xoini sifatida jazolash kerak!!!”, “O‘z tilini, o‘z millatini yerga urgan kishini jazolash lozim!!!”, “...Hamma davlat ishi faqat va faqat o‘zbek tilida olib borilishi shart!” kabi keskin fikrlar, keskir xitoblar bir paytlar dilimdan tilimga chiqib ulgurmay qatag‘onga uchragan, tug‘ilmay bo‘g‘ilgan nidolar edi...

1992 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogik institutini bitirib, Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutining “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasida dars bera boshladim. Tilshunoslik bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarimni yo‘lga qo‘ydim. Oradan ikki yil o‘tib Toshkent davlat texnika universitetini “Geologiya” yo‘nalishi bo‘yicha bitirgan turmush o‘rtog‘im yosh mutaxassis sifatida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-konboshqarmasiga ishga yuborildi. Men ham mehnat faoliyatimni konboshqarmada davom ettirishimga to‘g‘ri keldi. Men tarjimon va o‘zbek tili o‘qituvchisi sifatida korxonadagi ruziyzabon ishchi-xodimlarga o‘zbek tilidan dars bera boshladim.

Konboshqarma tasarrufida uchta bolalar bog‘chasi bo‘lib, ularning barchasi rus tiliga ixtisoslashgan edi. Biroq, mehnat jamoalari o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, tatar va boshqird kabi turli millat vakillaridan tashkil topgandi. Shuni inobatga olib, rahbariyatga tarbiyachilarga lotin grafikasini o‘qitish taklifi bilan chiqdim va ruxsat olgach, maxsus dastur asosida mashg‘ulotlarni boshladim. Birinchi mashg‘ulotda tinglovchilarga muqaddima sifatida o‘zbek tilining davlat tili sifatida rasman tan olingani, mamlakatda yashaydigan har bir fuqaro davlat tilini bilishi lozimligi, qolaversa tilga hurmat, yeb turgan non-tuzga hurmat ekanligi haqida gapirdim. Bir soatlik dars tugadi. Hamma tarqaldi.

Ertasiga ertalab meni konboshqarma direktori o‘rinbosarining kabinetiga chaqirishdi. Kirsam, kabinetda yetti-sakkiz nafar salobatli odamlar jiddiy qiyofada o‘tirishardi. Menga poygakdan joy ko‘rsatishdi. Bitta rahbar tahlikali sukunatni buzib, o‘ta rasmiy ohangda “Kecha tarbiyachilar bilan o‘tkazgan darsingizda nimalar deganingizni bir-bir aytib bering”, dedi. Men hayron bo‘lib, kechagi darsda gapirgan so‘zlarimni takrorladim. Ular bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Keyin bir rus millatiga mansub kishi (keyin bilsam bu odam milliy xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i ekan) “Okazыvaetsya ona ochen obrazovannaya. Vryad li ona dopuskala na takuyu oshibku”, dedi. Shunda hamma qayrilib, chetroqda o‘tirgan bog‘cha mudirasiga yuzlandi. Bog‘cha mudirasi qizarib, “Nu, mne tak peredali. Yakobы ona skazala, chto kto ne znaet uzbekskiy yazыk, pust otsyuda uezjaet”.

Bu so‘zni eshitib, men hayratdan qotib qoldim va menga juda jiddiy ayb qo‘yilayotganini his qildim. O‘zimni tutib olib, qat’iy ohangda: “Kelinglar, yaxshisi barcha tinglovchilarni yig‘ib, yuzma-yuz bo‘laylik. Shunda hammasi ayon bo‘ladi”, dedim. Shunda yana o‘sha rus odam: “Net ne stoit etogo! Nam vsyo ponyatno. Mы vam doveryaem. Vы na takoe ne poydyote”, deb hammasiga nuqta qo‘ydi. Shu payt bir laganbardor rahbar o‘rnidan sakrab turib, “Salima Bahodirovna, iltimos, darsga kirganingizda faqat grafikani o‘qiting, boshqa gap gapirmang”, dedi va ularga qarab yaltoqlanib qo‘ydi. Yig‘ilganlar birin-ketin xonani tark etdi. Endi o‘ylab qarasam, o‘shanda poytaxti azimdan qayta qurish havosidan obdon to‘yinib, milliy g‘oya bilan qurollanib kelgan men, sinchalakdek yosh pedagog, bu yerdagi muhitdan xabarim yo‘q, o‘zimga yetguncha tetiklik bilan til – millatning qalbi ekanligi,o‘zbek tilining mavqeini ko‘tarish har bir ziyolining vijdon ishi ekanligi haqida emin-erkin, to‘lib-toshib gapirgan ekanman.

Xullas, shu kundan boshlab konboshqarmada “Shubhali shaxs”ga aylandim. Ana endi hamma meni kuzatadigan bo‘ldi. Biroq, mening yuragimda qo‘rquv yo‘q edi. Men hech qanday nojo‘ya gap qilmaganimni, mening gaplarim o‘sha paytlar televidenie va matbuotda aytilayotgan gaplar ekanligini, asosiysi mening ortimda “Davlat tili haqidagi” qonun borligini yaxshi bilardim. Bunga o‘xshash voqealar keyingi hayotimda ham ko‘p bo‘ldi.

O‘sha paytlar Zafaroboddagi hamma bolalar bog‘chalari rus tiliga ixtisoslashgan edi. Bu meni juda taajjublantirardi. Buning ustiga o‘zbekcha muloqotga o‘rgangan to‘rt yoshli o‘g‘lim bog‘chaga umuman ko‘nikmasdi. U har tong bog‘chaga borishni istamasdan, yig‘lab dilimni qon qilardi. Chunki o‘zbekona muomala va taomillarga o‘rgangan bolaga bu muhit umuman begona edi. Bu orada qizim tug‘ildi. Men qizimni sharqona ta’lim-tarbiya topishini juda-juda xohlardim. Shuning uchun bog‘chalarda o‘zbek guruhlari tashkil qilish taklifi bilan chiqdim. Bu taklifim albatta ko‘pchilikka yoqmadi. Men ham bo‘sh kelmadim. Bog‘chalarda ota-onalar yig‘ilishlari tashkil qildim. Ularga bola avvalambor, o‘z ona tilida gapirishni o‘rganishi, keyin boshqa tillarni o‘zlashtirishi oson kechishini tushuntirishga harakat qildim. Xullas, 1997 yilning sentabr oyida Zafaroboddagi 2-sonli bolalar bog‘chasida birinchi marta o‘zbek tili guruhi tashkil topdi. Men hammaga o‘rnak sifatida qizimni ushbu guruhga berdim.

Nozima bog‘chaga o‘ynab-kulib borar, ona tilida biyron-biyron she’rlar aytardi. U bolaligidan emin-erkin va faol bo‘lib o‘sdi. Keyinchalik rus va ingliz tillarini ham o‘rgandi. Maktabda ham a’lo baholarga o‘qidi. “Zafarobod” mahalliy televidenieda “Tafakkur gulshani” mualliflik ko‘rsatuvini olib bordi. Bugungi kunda u Navoiy davlat pedagogik instituti magistranti. Yigirma uch yoshda institutning sirtqi bo‘limlariga bemalol dars berayapti. Nutqi ravon, fikrlarini aniq-ravshan bayon qiladi. Agarda rus bog‘chasiga borganda u shuncha yutuqlarga erishishi amri mahol edi.

Yon-atrofimdagi ko‘pchilik tanishlarim bolalarini rus sinflariga berishgan. Men bolalarimni bog‘chada o‘zbek guruhlarida, maktabda o‘zbek sinflarida o‘qitdim. Bugunga kelib bu ishimdan juda xursand bo‘laman. Negaki, ular ruhi-joni bilan, turish-turmushi, ongu shuuri bilan o‘zbek bo‘lib ulg‘ayishdi. Bejizga “Til - millatning qalbi, deyishmaydi. Balki, bolalarim o‘zga tillarni mukammal bilishmas. Biroq, o‘z ona tilini juda yaxshi bilishadi, o‘zbekona taomillarni qadrlashadi, kelgusida bolalariga sharqona ta’lim-tarbiya berishadi.

O‘g‘lim bilan bir-birimizni ruhan tushunamiz, u men o‘qigan badiiy kitoblarni sevib o‘qiydi, fikr-mulohazalarini bildiradi. Qizim bilan didimiz bir, dunyoqarashlarimiz yaqin, fikrlarimiz hamohang. U men yoqtirgan musiqalarni miriqib tinglaydi, meni yozganlarimni zargarona tahrir qiladi. Nozimani tadbirlardagi chiqishlarini ko‘rganlar, uning so‘zlashi, gapirish ohangi, o‘zini tutishi xuddi o‘zimga o‘xshashini ta’kidlashadi. Shunday lahzalar men dunyolarga sig‘may ketaman. Mana buni chin onalik baxti, deyish mumkin. Farzandlarini rus maktablariga bergan onalar bu baxtni tuyolmaydilar. Dilbandlari bilan yurak-yurakdan suhbat qurib, rohatlanmaydilar. Ona-bola orasida qandaydir ko‘rinmas jarlik bo‘ladi. Negaki, tilda ruh bo‘ladi. O‘zga tilda o‘qigan bolaga o‘sha millat ruhi singib qoladi. Men buni hayotda ko‘p kuzatganman. To‘g‘ri, mening bolam rus maktablarda o‘qigan bolalar erishgan yutuqlarga erisha olmagandir. Nufuzli oliygohlarni bitirmagandir. Lekin nima bo‘lganda ham, u mening bolam, o‘zimning bolam, o‘zbek bolasi!!!

Ha, azizlarim, til – millatning qalbi. O‘z ona tilini bilmagan boladan sharqona odob-axloq, o‘zbekona xulq-atvor kutmang. Bolam o‘zimniki bo‘lsin, desangiz uni o‘z tilingizda o‘qiting. Ona tilini yaxshi bilgan, yaxshi ta’lim-tarbiya olgan bolaning boshqa tillarni ham o‘zlashtirib olishi oson kechadi. So‘zimni fozila onamiz Tursunoy Sodiqovaning quyidagi shirin satrlari bilan yakunlashni lozim topdim:

Istasang o‘nta tilda so‘ylagin bulbuldayin,
Avvalo o‘z tilginangning xizmatin qil quldayin.
So‘ylasang o‘zbekchada bo‘ylar taratsin guldayin,
Nozik o‘lsin qildayin, izhor etarda dildagin.
O‘zligingni avval uq, o‘zbekkinamning bolasi.

Salima XOLDOROVA,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati muzeyi rahbari.

492
O‘zA