Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.11.2017 21:16 Chop etish versiyasi

"Avtotest Report": malaka oshirishning zamonaviy uslubi

"Avtotest Report" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jurnalistlar uchun media-tur tashkil etildi. Unda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini, fuqarolar hayoti va salomatligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu borada "Avtotest Report" MChJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan innovatsiya uslublari haqida ma’lumot berildi.

Keyingi yillarda yo‘lovchilar, avtotransport haydovchilari xavfsizligini ta’minlash, ularga har tomonlama qulayliklar yaratish maqsadida kompleks chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda. Qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, yo‘lovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishda ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga binoan mamlakatimiz qonunchiligiga transport vositalari harakatlanish tezligi tartibiga talablar kuchaytirildi, boshqaruv paytida mobil aloqa vositalari, turli video apparaturalardan foydalanish taqiqlandi, xavfsizlik kamaridan foydalanish majburligi belgilandi, boshqa choralar kuchaytirildi.

Shu yilning mart oyidan poytaxtimizda yo‘l harakati xavfsizligini boshqarishning komputerlashtirilgan tizimi ishga tushirilgani, ravon yo‘llar, yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘priklar bunyod etilayotgani, qayta ta’mirlanayotgani uzoqni yaqin qilib, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shunga qaramay, afsuski, turli ko‘ngilsiz yo‘l harakati hodisalari uchrab turibdi. Aksariyat hollarda, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar bu kabi hodisalar ishtirokchilariga aylanib qolmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilda yo‘lovchi va yuk tashuvchi avtomobil haydovchilari aybi bilan 970 dan ortiq yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Oqibatda 350 dan ziyod odam halok bo‘lgan, mingga yaqini jarohat olgan. Ushbu toifadagi haydovchilar tomonidan qariyb 4 ming marta yo‘l harakati qoidalarini buzish hollari aniqlangan.

Bu kabi hodisalarning oldini olish maqsadida 2017-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning 2018-yil 1-yanvardan boshlab "Avtotest Report" MChJ o‘quv majmualari bazasida 2 yilda bir marta malaka oshirishi majburiyligini belgilaydigan tartib joriy etilgan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida "Avtotest Report" MChJ o‘quv kompleksida tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda.

Ta’kidlash joizki, "Avtotest Report" MChJ avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning uyg‘unlashgan uslublari, yangi ta’lim texnologiyalaridan keng foydalanib kelmoqda. O‘quv jarayoniga o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan, o‘qitish monitoringini olib borish va uni rejalashtirish imkonini beradigan avtomatlashtirilgan kompleks axborot tizimi joriy etilgan. Shuningdek, avtotransport vositalari haydovchilarining malakasini oshirish bo‘yicha "Avtotest 3.0" o‘quv-uslubiy kompleks ishlab chiqilgan.

O‘quv jarayoniga joriy etilgan bu kabi zamonaviy ta’lim standartlari, eng ilg‘or texnologiyalar, komputer vositalari xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, "Avtotest Report" MChJ 2013-yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Best soft Uzbekistan" ko‘rgazmasida "Dasturiy mahsulot – yil belgisi" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Media-turda jurnalistlar 2018-yil yanvar oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida haydovchilar malakasini oshirish markazlarini ochishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, bu yerda yaratilgan sharoitlar, moddiy-texnik baza, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, o‘qituvchilarning malakasi bilan tanishdi.

– O‘quv jarayonida multimedia vositalaridan keng foydalaniladi. Mashg‘ulotlarda o‘qituvchilarimiz planshetlar, shuningdek, o‘quv kurslari uchun maxsus tayyorlangan "Avtotest 3.0" dasturi orqali haydovchilar malakasini oshirib boradi, – deydi "Avtotest Report" MChJ bosh direktori Oksana Tigay. – Shuningdek, o‘quv jarayonining sifati har bir auditoriyaga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali nazorat qilib boriladi. Har bir tinglovchiga videoma’ruzalar yozilgan disk va ishchi daftarlar taqdim etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, haydovchilar malakasini oshirish kurslari interaktiv uslubda amalga oshiriladi.

Tadbirda "Avtotest Report" MChJ haydovchilar malakasini oshirish markazlari uchun 25 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirgani, shuningdek, mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil qilinayotgani haqida aytildi.

– Mazkur markazlar faoliyatini boshlashi uchun deyarli tayyor holga keltirildi, – deydi "Avtotest Report" MChJning malaka oshirish departamenti direktori Mamanbiy Omarov. – Barcha markazlar eng zamonaviy o‘quv qo‘llanmalari, jihozlar va texnik vositalari bilan ta’minlanadi. Mutaxassislarimiz malaka oshirish kurslari uchun zamonaviy ta’lim standartlaridan foydalangan. Unga ko‘ra, bir hafta davomida haydovchilar o‘z malakasini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
2 093






Все о погоде - Pogoda.uz