O‘zA O`zbek

10.09.2018 18:16 Chop etish versiyasi

“Avtomobilsiz kun” aksiyasi

“Avtomobilsiz kun” aksiyasi Atmosfera havosining tozaligi jamiki tirik mavjudot uchun muhim hisoblanadi. Biroq bugungi kunda unga zarar yetkazuvchi omillar koʻpayib bormoqda. Birgina transport vositalarini olaylik. Mamlakatimizda 60 foiz yoki yirik shaharlarimizda 80 foizdan ortiq transport vositasi atmosfera havosining ifloslanishiga sabab boʻlmoqda. Bu koʻrsatkich Toshkent shahrida deyarli 95 foizga toʻgʻri keladi.

Garchi, ushbu koʻrsatkichlardagi ifloslantiruvchi moddalar tarkibida oksid uglerodi davlat standartlari meʼyorlaridan yuqori boʻlmasa-da, ekologik barqarorlikni taʼminlash va atrof-muhitni asrashdan bizni ogoh etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Yoʻl harakati xavfsizligi kunini oʻtkazish va yoʻl transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada yana bir ezgu qadam boʻldi. Qarorga muvofiq, endi har oyning uchinchi juma kunida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi oʻtkaziladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida mazkur aksiya doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida muʼlumot berildi.

Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Mudofaa, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi vakillari ishtirok etgan tadbirda yurtimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy muhitga boʻlgan salbiy taʼsirni kamaytirish, bartaraf etish aholi va navqiron avlod salomatligini muhofaza qilishning asosiy omili ekani qayd etildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oʻktam Oʻtayevning maʼlum qilishicha, mazkur aksiyaning asosiy maqsadi aholi, xususan, yoshlarning tabiatga boʻlgan mehrini uygʻotishga qaratilgan. Bunday eʼtibor esa ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi. Aksiyani tashkil etish jarayoni oldidan yigirma toʻrtta xorijiy davlatning tajribasi oʻrganildi. Ayni kunlarda Toshkent shahrida veloturargohlar barpo etish ishlari boshlab yuborildi.

– Dunyoning turli mamlakatlarida bu kabi tadbirlarni tashkil etish oʻziga xos anʼanaga aylangan, – dedi qoʻmitaning Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Umid Abdujalilov. – Koʻp mamlakatlarda har yili 22 sentyabr “Butunjahon avtomobilsiz kuni” sifatida keng nishonlanadi. Qoʻmitamiz qator tashkilotlar bilan hamkorlikda 15 sentyabr kuni “Avtomobilsiz kun” tadbirini tashkil etmoqda. Tadbir ishtirokchilari velosipedda manzilga yetish gʻoyasini ilgari suradi. Chunki bunday harakat atmosfera havosining ifloslanishining oldini olishga hissa qoʻshadi. Shuningdek, bu har oyning uchinchi juma kunida tashkil etilishi moʻljallanayotgan “Avtomobilsiz kun” aksiyasida tajriba tariqasida muhim qadam hamdir. Tadbirning oʻtkazilish jarayonida avtomobil harakati cheklanmaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
2 639