O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Avtomobillar uchun butlovchi qismlar

Avtomobillar uchun butlovchi qismlar

Azaldan savdogarlar yurti boʻlgan vohamizda keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiya borasida keng koʻlamdagi ijobiy ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani viloyatimiz iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratdi.

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun Hazorasp tumanining 2 ta hududidan 325 gektar boʻsh yer maydoni ajratib berilgan edi. Qurilish va infratuzilma tarmoqlari barpo etish xarajatlarini kamaytirish maqsadida EIZ korxonalarini birinchi navbatda boʻsh turgan bino va inshootlar negizida joylashtirish boʻyicha takliflar oʻrganilib, yana 7 ta hududdan 89 gektar maydon erkin iqtisodiy zona hududiga qoʻshib berildi.

Natijada “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududi Bogʻot, Xiva, Urganch tumanlaridan ajratilgan maydonlar hisobiga kengayib, jami 414 gektarga yetdi. Oʻtgan davr mobaynida oʻndan ortiq loyiha toʻliq ishga tushirildi va sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, qurilish materiallari, tayyor trikotaj mahsulotlari, quyosh batareyalari, sterillangan bir martalik tibbiyot qoʻlqoplari va poyafzal ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Eng muhimi, chetdan keltirilayotgan xom ashyo hamda butlovchi buyumlarni oʻzimizda tayyorlash imkoniyati tobora kengayib borayotir.

Bu esa ichki bozorni import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar bilan toʻldirish, sanoat korxonalarining eksport salohiyatini yana-da yuksaltirish, valyuta mablagʻlarini tejash hamda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishda muhim omil boʻlayapti. Xususan, avtomobilsozlik sanoati misolida soʻz yuritadigan boʻlsak, keyingi yillarda “GM Uzbekistan” yopiq aksiyadorlik jamiyati Xorazm fililada Damas va Labo rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi bilan ularga zarur ehtiyot qismlar yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan oʻnlab qoʻshma korxonalarda mahalliylashtirish jarayonlari jadallashib bormoqda. Tabiiyki, bunday muvaffaqiyatlar keng koʻlamli texnik va texnologik yangilanishlar, mahalliy muhandis-texniklar tomonidan yaratilayotgan ratsionalizatorlik takliflari hamda amaliyotga keng joriy etilayotgan innovatsion loyihalar samarasidir.

Jumladan, Pitnak shahridagi “Xorazm baraka avto” masʼuliyati cheklangan jamiyatida birgina oʻtgan yilning oʻzida avtomobillar uchun 60 mingdan ortiq ovoz soʻndirgichlar, yonilgʻi tutuni chiqarish tizimi moslamalari, katalitik neytralizatorlar, eshiklar uchun zarbga qarshi balkalar, panel qismlari ishlab chiqarildi.

–Korxonamiz yiliga 65 mingacha bulovchi qismlarni ishlab chiqarmoqda, – deydi korxona rahbari Jaloliddin Nizomov. – Biz asosan detallarni nuqtali, gazli, yaʼni uglerod oksidli muhitda yarim avtomat payvandlash orqali ishlab chiqaramiz. Korxonamizda ikki smenada ishlar tashkil qilingan. Ishchilarimiz ikki mahal issiq ovqat, maxsus kiyim va xavfsizlik anjomlari bilan toʻliq taʼminlangan. Ayni damda korxonamiz faqat avtomabil zavodiga butlovchi qismlarni yetkazib bermoqda. Biroq, mahsulotning asosiy buyurtmachi ehtiyojidan ortgan qismini viloyatimiz va boshqa hududlardagi avtomobillarga servis xizmat koʻrsatish korxonalariga yetkazib berish imkoniyati ham bor.

Darhaqiqat, sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bu kabi korxonalar istiqboliga keng yoʻl ochayotir.

“Xorazm baraka avto” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga yonma-yon joylashgan yana bir korxona – “Xorazm Pitnak plast” masʼuliyati cheklangan jamiyatida avtomobillar uchun plastmassa butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda. 45 nafar ishchi xizmatchi mehnat qilayotgan ushbu korxonada 18 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarilayotir. Malakali mutaxassislar tomonidan mahsulot sifatini doimiy nazorat qilish yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro talab va andozalarga toʻliq mos keladi. Bu esa ularning xaridorgirligini taʼminlash, hamkorlar safini kengaytirish imkonini bermoqda.

–Korxonamiz yangi ishga tushurilganda 23 nafar ishchimiz bor edi, – deydi “Xorazm Pitnak plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati boshligʻi Inomjon Abdirimov. – Ayni damda ular soni ikki baravar oshgan. Oʻtgan yili korxonamizda 9 milliard soʻmlik plastmassa butlovchi qismlar ishlab chiqarildi. Joriy yildan yangi tahrirdagi soliq kodeksiga asosan korxonamiz foydasida qoladigan mablagʻlar hisobiga ishchi xizmatchilarning oylik maoshlari ham oshdi. Endilikda mahsulotlar turini koʻpaytirib, korxonamiz faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadimiz bor.

Ayni kunlarda korxona hamkorlik asosida bir qancha korxonalar va servis xizmat koʻrsatish shoxobchalarini, shuningdek mahalliy bozorlarni oʻz mahsulotlari bilan taʼminlamoqda. Asosiy maqsad esa korxona imkoniyatlarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobiga yangi ish oʻrinlari yaratish, mijozlarimizga sifatli mahsulotlar yetkazib berishdan iborat boʻlmoqda.

Bugungi kunda “Hazorasp” EIZda umumiy qiymati 306,3 million dollarlik 19 loyiha boʻyicha ish olib borilmoqda. Shuningdek, qiymati 19,5 million dollarga teng 5 ta loyiha joriy yilning birinchi yarmida ishga tushiriladi va yana 500 dan ortiq kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Tibbiyot test tayoqchalari, maishiy texnikalar uchun elektr dvigatellar, jomadonlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi. Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonada 9 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi hisobiga 1500 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Erkin iqtisodiy zona hududida alohida bojxona rejimi, soliq imtiyozlarining amal qilishi hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilishda muhim omil boʻlmoqda.

545
Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA