O‘zA O`zbek

01.05.2018 08:00 Chop etish versiyasi

Avtokarvon qatnashchilari Samarqandga keldi

Avtokarvon qatnashchilari Samarqandga keldi Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasining Nijnevartovsk shahridan yo‘lga chiqqan “G‘alaba – barcha uchun bitta” (“Pobeda – odna na vsex”) avtokarvoni ishtirokchilari Samarqand shahrida mehmon bo‘ldi.

Rossiya Federatsiyasining Xanti-Mansiysk avtonom okrugi dumasi qoshidagi Yoshlar parlamenti tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir ishtirokchilari 1946-1958 yillarda ishlab chiqarilgan GAZ-M-20 “Pobeda” avtomobillarida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari shahar va qishloqlaridan o‘tib, yurtimizga kirib keldi.

5.JPG

Avtokarvon qatnashchilari dastlab Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Shundan so‘ng shahardagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yilib, Ikkinchi jahon urushida xalok bo‘lgan insonlar yod etildi. Rossiyalik mehmonlar ushbu maskanda samarqandlik urush faxriylari, yoshlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

Samarqandlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Ye.Soldatov hamda M.Kolmogorov frontda boshdan kechirgan voqea-hodisalar, urushdan keyingi yillardagi faoliyatlari haqida so‘zlab berdi. Yoshlarni bugungi tinch-osoyishta kunlarning qadriga yetib yashashga, tinchlikni asrab-avaylashga chorladi.

11 (1).JPG

14.JPG

– Avtokarvon Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan insonlarni yod etish, bugun hayot bo‘lgan faxriylar jasoratini eslash, ularni ulug‘lash maqsadida tashkil etildi, – deydi avtokarvon texnik rahbari Igor Ilik. – Insoniyat tarixidagi eng ko‘p qurbonlar berilgan ushbu urushda O‘zbekistondan ham 1,5 milliondan ortiq kishi qatnashgan va buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan. Avtokarvon ana shu umumiy g‘alabaning 73 yilligini nishonlash maqsadida tashkil etildi. Safar davomidagi tadbirlar, uchrashuvlar haqida hujjatli film yaratish niyatimiz bor.

Mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy obidalar bilan ham yaqindan tanishdi.

Avtokarvon ishtirokchilari 1-may kuni Toshkentdan Rossiya tomon yo‘lga chiqadi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
6 777