O‘zA O`zbek

14.08.2018 14:36 Chop etish versiyasi

Aviachipta uchun to‘langan 1 million 835 ming so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarildi

Aviachipta uchun to‘langan 1 million 835 ming so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarildi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Shahrisabz tumani Nushkent qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.Fayzullayev ariza bilan murojaat qildi. Murojaatda shahardagi “Utair aviation” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan aviakassadan 1 million 835 ming so‘mga aviachipta sotib olganligi, lekin salomatligi yomonlashgani bois, Rossiyaga ishlash uchun borish imkoniyati yo‘qligini aytib, chipta uchun to‘langan pullarni qaytarib berishini so‘ragan. Biroq, aviakassa xodimlari tomonidan aviachipta uchun to‘langan pullar qaytarib berilmagan. Fuqaro ushbu holatni bartaraf etishda jamiyat xodimlaridan ko‘mak so‘ragan.

Jamiyat mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etilgan o‘rganishlar jarayonida M.Fayzullayevning sog‘ligi yomonlashgani sababli Rossiyaga borolmayotgani, bu haqda tibbiyot ma’lumotnoma borligi, shunga qaramay aviakassa xodimlari tomonidan uning talabi rad etilib, chipta uchun to‘langan pullar qaytarilmayotgani ma’lum bo‘ldi.

Jamiyat xodimlarining aviakassa xodimlariga ushbu holatda O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilganligini tushuntirishi natijasida chipta uchun to‘langan pul iste’molchiga to‘liq qaytarib berildi.

O‘zA
1 964