Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2018 17:40 Chop etish versiyasi

Avgust – g‘o‘za parvarishida muhim palla

Prezidentimiz raisligida joriy yil 31 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida g‘o‘za rivojini jadallashtirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratilib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.

Paxtakorlarning ko‘p yillik kuzatish va tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, avgust – g‘o‘za parvarishida muhim palla. Bu davrda boy berilgan bir daqiqa, o‘z vaqtida o‘tkazilmagan agrotexnik tadbir hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida ham ushbu jarayonga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Shoyadbek Mavlonov rahbarlik qilayotgan sektor hududidagi “Oxunboboyev” va “Haqiqat” massivlari dalalarida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq.

“Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” doirasida massivlardagi 1165 gektar maydonda agrotexnik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlari sifatli o‘tkazildi. G‘o‘za qator oralariga ishlov berish, “sharbat” usulida sug‘orish, chilpish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Har bir gektar yer o‘rtacha 5-6 tonna mahalliy o‘g‘it – “sharbat” bilan to‘yintirildi. Buning natijasida 583 gektar maydondagi g‘o‘za 10 tadan ortiq ko‘sak tugdi. Rivojlanish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishda ortda qolayotgan fermerlarga alohida topshiriqlar berilib, tungi sug‘orish va kultivatsiya ishlari sifatli bajarilishi nazorat qilib borilmoqda.

Shu kunlarda g‘o‘zaning holatidan kelib chiqib, uchinchi, to‘rtinchi suv berilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hosil tugish davrida sug‘orish davomiyligi 16-18 soatdan oshmasligi kerak. Shunda yer ham tezda tobga keladi, ortidan kultivatsiya qilinadi. Shu kungacha mexanizatorlar g‘o‘za qator oralariga 10 marta ishlov berdi. Ekinni bargidan oziqlantirish usuli ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q.

– Xo‘jaligimizning 25 gektar paxta maydonida g‘o‘zaning “Andijon – 36” navi parvarishlanmoqda, – deydi massivdagi “Zulfizar Abdurahimova” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Mirzayev. – Ayni kunlarda chilpish ishlari olib borilmoqda. Bu yil ko‘pgina dalalardagi g‘o‘za nihollariga zararkunanda hasharotlar jiddiy zarar yetkazdi. Ana shunday ko‘ngilsiz holatlar kelib chiqmasligi uchun zararkunandalarga qarshi kurashishbo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Aksariyat fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za rivojini jadallashtirishga yordam beruvchi biostimulyatorlardan keng foydalanilayotgani ham yaxshi natija bermoqda. Fermer, mexanizator va suvchilarning samarali ish olib borishi uchun dalaning o‘zida zarur sharoit yaratilgan.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak. Axir, biz xomashyo yetkazib beruvchi emas, tayyor mahsulot ishlab chiqarib, xorijga eksport qiluvchi mamlakatga aylanganmiz.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 116