O‘zA O`zbek

27.08.2018 16:41 Chop etish versiyasi

Atrof-muhitga taʻsirni baholash nima uchun muhim?

Atrof-muhitga taʻsirni baholash nima uchun muhim?
Poytaxtimizning “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimini joriy etishning ahamiyatiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori (YEXHT) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati aʻzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, nodavlat va notijorat tashkilotlar vakillari, oliy oʻquv yurtlarining professor va oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oʻ.Oʻtayev, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali direktori Sh.Umarova, BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi atrof-muhit masalalari boʻyicha hududiy maslahatchisi S.Radnaaragchaa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori J.Makgregor va boshqalar ona tabiatni asrash va unga zarar keltiradigan omillarni bartaraf etish, shuningdek, atrof-tabiiy muhitga koʻrsatilayotgan antropogen taʻsirni kamaytirishda ekologik xavfsizlikni taʻminlovchi kompleks choralarni qabul qilish muhim ahamiyat kasb etishini taʻkidladi.

Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi qonunlarida atrof-muhit va tabiatni asrash muhimligi koʻrsatib oʻtilgan. Unga muvofiq, har bir obyekt davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi belgilangan. Chunki mamlakatda qishloq xoʻjaligi va sanoatning tez surʻatlarda rivojlanishi, avtotransport vositalari sonining koʻpayishi kuzatilmoqda. Bularning barchasi tabiiy muhitga sezilarli darajada taʻsir etmoqda.

Ekspertlarning xulosasiga koʻra, inson salomatligiga taʻsir etuvchi omillarning 20-25 foizi atrof-muhit bilan bogʻliq ekan. Masalan, atmosfera havosi va suv obyektlarining ifloslanishi, tuproqning degradatsiyasi, zararlangan atrof-muhitda yetishtirilayotgan, yoki ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va boshqa omillar inson salomatligiga oʻz taʻsirini koʻrsatmay qolmaydi.

– Shu sababli tabiatga koʻrsatilayotgan salbiy taʻsirni kamaytirish boʻyicha tizimli hamda har tomonlama puxta oʻrganilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur, – dedi qoʻmita huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi boshqarma boshligʻi Adham Qurbonov. – Ushbu seminar mamlakatimizda davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlarni xalqaro standartlar va Espo Konvensiyasi talablaridan kelib chiqqan holda moslashtirish, bu borada xorij tajribasini oʻrganish va tahlil qilishga bagʻishlandi. Yana bir asosiy maqsad Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimini joriy etish ahamiyatini oʻrganishdir. Bunda huquqiy masalalar boʻyicha xalqaro ekspert Yerji Yendroshkaning atrof-muhitga taʻsirni baholashning xalqaro konsepsiyasi va Espo Konvensiya talablari haqida maʻruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish oʻygʻotdi.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining Transchegaraviy kontekstda atrof-muhitni baholash toʻgʻrisidagi Konvensiyasi 1991 yil 25 fevralda Finlyandiyaning Espo shahrida qabul qilingan. Ushbu Espo Konvensiyasiga 50 ga yaqin mamlakat aʻzo boʻlgan.

– Garchi Oʻzbekiston Espo Konvensiyasiga aʻzo boʻlmasa-da, unda koʻrsatilgan tartib va talablar shu zamin tabiati va atrof-muhitini muhofaza qilish masalalari bilan hamohangdir, – dedi huquqiy masalalar boʻyicha xalqaro ekspert Yerji Yendroshka. – Atrof-muhit muhofazasida qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro kelishuvlar muhim ahamiyatga ega. Bunday kelishuvlar ushbu Konvensiyada muvofiqlashtirilgan. Shu jihatdan bugungi uchrashuvda Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimini joriy etishning ahamiyatini tajribalar asosida koʻrsatishga muvaffaq boʻldik. Bunda turli loyihalarni amalga oshirishda har bir rejalashtirilayotgan faoliyatning ekotizimlar va inson salomatligiga salbiy taʻsirining oldini olishga eʻtibor qaratish lozim.

Tadbirda xalqaro ekspertlar tomonidan taklif etilgan tajriba va fikr-mulohazalar mamlakatimizda atrof-muhitga taʻsirni baholash va davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish bosqichlarini hamda bu borada milliy qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
4 375